O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida
Aholi daromadlari va turmush darajasini qat’iy oshirib borish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda respublika fuqarolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida:
1. 2019-yilning 1-avgustidan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PF-5898-sonli Farmoniga asosan 2020-yil 1-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, 2019-yil 1-avgustdan boshlab II guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar — pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PF-128-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. 2019-yilning 1-avgustidan I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 18 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilinsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
5. Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda budjet muassasalari va tashkilotlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarining mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida qayta hisoblab chiqilishini ta’minlasin.
6. Budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilsin.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorlarini qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorlarini eng kam ish haqiga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 17-noyabrdagi PF-196-sonli “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5723-son Farmoniga muvofiq 2019-yilning 1-sentabridan eng kam ish haqi miqdori o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori kiritilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-5723-son Farmoni 1-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “577 170” raqami “634 880” raqami bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “202 730” raqami “223 000” raqami bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi xatboshidagi “202 730” raqami “223 000” raqami bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-iyul,
PF-5765-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.07.2019-y., 06/19/5765/3418-son; 01.01.2020-y., 06/20/5898/4258-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son; 30.04.2022-y., 06/22/128/0369-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)