Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Yuksalish” umummilliy harakati — nodavlat notijorat tashkiloti va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonini ijro etish yuzasidan, shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati — nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonining 25-bandiga muvofiq:
“Yuksalish” umummilliy harakati — nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda “Yuksalish” harakati deb ataladi) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy boʻlinmalari tashkil etilganligi;
rejalashtirilgan islohotlarni, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida fuqarolar, xorijda yashayotgan vatandoshlar va nodavlat notijorat tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtirishdan, shu jumladan:
xalq va biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;
jamoatchilik nazoratining samarali tizimini shakllantirish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning saʼy-harakatlari va kuchlarini safarbar etish;
rejalashtirilgan, shu jumladan, Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarning amalga oshirilishi jarayonini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilishda faol ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot va takliflarni muntazam kiritish “Yuksalish” harakatining asosiy vazifasi etib belgilanganligi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonining 26-bandiga muvofiq Adliya vazirligiga “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlarni aks ettirgan holda oʻz veb-saytlarida joylashtirish;
monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
Davlat dasturi amalga oshirilishi yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni tayyorlash, ularni xorijiy tillarda eʼlon qilish va keng tarqatishni taʼminlash topshirilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi hamda “Yuksalish” harakatining muassislari — tashkilotlar tomonidan har yili “Yuksalish” harakatining asoslangan buyurtmanomalari asosida “Yuksalish” harakati markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash, shuningdek, “Yuksalish” harakatining asosiy vazifalarini bajarish doirasidagi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(1-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
2. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz faoliyatini nodavlat notijorat tashkilotlarning mustaqilligi va ular faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga qatʼiy rioya qilgan holda “Yuksalish” harakati bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda amalga oshiradilar;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari “Yuksalish” harakatining ishini tashkil etilishi va amalga oshirilishida, shu jumladan, soʻralayotgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish, “Yuksalish” harakati tadbirlari yakunlari boʻyicha kiritilgan materiallar va tavsiyalarni koʻrib chiqish yoʻli bilan zarur shart-sharoitlar yaratadilar va har tomonlama koʻmaklashadilar;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
“Yuksalish” harakati raisi maqomi, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlariga koʻra vazirga tenglashtiriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda “Yuksalish” harakatining hududiy boʻlinmalariga ularning binolarini zarur texnika, avtotransport vositasi, ofis anjomlari, mebel va aloqa vositalari, shu jumladan, keng polosali butunjahon Internet axborot tarmogʻi bilan jihozlanishini quyidagi manbalar hisobiga taʼminlasinlar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va “Yuksalish” harakatining markaziy va mahalliy telekanallarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida:
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlariga;
ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, davlat organlarining aholi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi, oʻsib kelayotgan avlodni qonunlarga, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashning dolzarb masalalarini muhokama qilishga;
“Yuksalish” harakati tomonidan olib borilgan monitoringlar natijalarini koʻrib chiqishga va davlat organlari faoliyatini tahlil qilishga, aniqlangan huquqbuzarliklarni, tizimli kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aholini xabardor qilishga bagʻishlangan birgalikdagi telekoʻrsatuvlar namoyishini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Yuksalish” harakatini zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
6. “Yuksalish” harakati:
Davlat statistika qoʻmitasi, moliya, iqtisodiyot va sanoat, bandlik va mehnat munosabatlari, ichki ishlar vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, boshqa vazirliklar va idoralarning statistika axboroti;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahliliy materiallari majburiy yuboriladigan reyestrga kiritilsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sh. Rashidov koʻchasi, 16-uy manzilida joylashgan “Poytaxt” biznes markazi 5-qavatining bir qismini (842 kv.m) “Yuksalish” harakatining markaziy apparatini joylashtirish uchun, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tegishli binolarni hududiy boʻlinmalarni joylashtirish uchun tekin foydalanish huquqi asosida “Yuksalish” harakatiga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, maʼnaviyat, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-fevral,
124-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2019-y., 09/19/124/2608-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)