|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2018-yil 19 — 21-noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
Qulay investitsiya muhitini yaratish va turizm sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, ushbu yo‘nalishda izchil amalga oshirilayotgan davlat siyosatiga investorlarning ishonchini mustahkamlash, shuningdek, investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2018-yil 19 — 21-noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumini (keyingi o‘rinlarda Forum deb ataladi) o‘tkazishga tayyorgarlik bo‘yicha vakolatli vazirliklar va idoralar tomonidan amaliy ishlar olib borilayotgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining Forumni o‘tkazish doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun, istisno tariqasida, yer uchastkalari ajratilishining alohida tartibini belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin va bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
turizm infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun investorga aniq investitsiya majburiyatlari ostida yer uchastkalarini elektron auksion o‘tkazmasdan ajratish;
barcha zarur shartlar, shu jumladan, ajratilayotgan yer uchastkasi va investor tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan investitsiya majburiyatlari bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organi rahbari va investor o‘rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda loyihani amalga oshirish to‘g‘risida investitsiya bitimining imzolanishi;
investor tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklariga 15 ish kuni mobaynida investitsiya bitimi summasining 25 foizi miqdoridagi mablag‘ni deponentga o‘tkazish yoki 5 foizi miqdoridagi majburiyatni bajarish kafolatini (performance bond) berish sharti bilan investitsiya bitimi tuzilishi;
investor tomonidan pul mablag‘lari depozitga o‘tkazilgan yoki moliyaviy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha kafolat berilgan kundan e’tiboran besh kun muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qarorni qabul qilinishi.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki kun muddatda xorijiy investorlarga tayyor holatda taklif etiladigan har bir yer uchastkasi bo‘yicha investitsiya loyihalarining taqdimot materiallarini ingliz va rus tillarida tayyorlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch kun muddatda taqdimot materiallarini oldindan ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun potensial investorlar — Forum ishtirokchilariga yuborishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch kun muddatda Forumni o‘tkazish doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari berishning alohida tartibini o‘rnatish to‘g‘risida potensial investorlar — Forum ishtirokchilarini xabardor qilish bo‘yicha qo‘shimcha manzilli ish olib borsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:
investitsiya bitimlari tuzilganidan keyin uch oy muddatda investorlar bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqsinlar, tasdiqlasinlar va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
investitsiya loyihalari belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini va investorlarga amaliy yordam berilishini ta’minlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-noyabr,
931-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2018-y., 09/18/931/2189-son)