|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.12.2023
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-dekabrdagi 673-sonli “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida 2018-yil 15-oktabrdan boshlab barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarni majburiy tartibda rasmiylashtirishni joriy etish boʻyicha eksperiment (keyingi oʻrinlarda eksperiment deb ataladi) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
eksperiment doirasida elektron hisobvaraq-fakturalar tovar-transport yukxatlari va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalar vazifalarini mujassamlashtiradi;
eksperiment oʻtkazish davrida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga hisobvaraq-fakturalar, tovar-transport yukxatlari va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron shaklda taqdim etish bilan bir vaqtda qogʻoz shaklida tuzish huquqi beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ekspert xulosasini olgan tashkilotlarga — elektron hujjat almashish operatorlariga qonunchilikda belgilangan tartibda elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron aylanishi va saqlanishini taʼminlash boʻyicha xizmatlarni amalga oshirish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi:
eksperiment doirasida elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibini bir hafta muddatda tasdiqlasin;
oʻtkazilgan eksperiment natijalari boʻyicha elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish tartibini respublika hududida joriy etish yuzasidan takliflarni, shuningdek, Jahon banki va Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmatining texnik koʻmagi doirasida soliq maʼmuriyatchiligi biznes jarayonlarini shakllantirish asosida davlat soliq xizmati organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markazining hisoblash quvvatini kengaytirish chora-tadbirlari dasturini 2019-yil 1-fevralga qadar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-oktabr,
807-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2018-y., 09/18/807/2016-son)