|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.04.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ichki ishlar organlarining patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 21-dekabrdagi PQ-4071-son qarori)”gi qaroriga asosan 2020-yil 18-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyundagi PQ-3786-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AJ va “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlarining jamoat tartibini muhofaza qilishda oʻrnak koʻrsatgan xodimlariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan budjet yengil avtotransport vositalarini (keyingi oʻrinlarda avtotransport vositalari deb ataladi) sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan roʻyxatlar boʻyicha ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlariga quyidagi shartlarda kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
kredit muddati — 10 yilgacha;
dastlabki badal — sotib olinadigan avtotransport vositasi qiymatining kamida 15 foizi miqdorida;
foiz stavkasi — kredit berish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida;
kredit boʻyicha taʼminlash — kredit boʻyicha sotib olinadigan avtotransport vositasini garovga qoʻyish;
foizlarni hisoblash, kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarish va hisoblangan foizlarni toʻlash hisoblangan foizlar va asosiy qarzni toʻlashga uch oylik imtiyozli davr hisobga olingan holda bank hisob-kitobi usuli bilan amalga oshiriladi.
3. “Oʻzavtosanoat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining taqdimnomalari boʻyicha “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankining imtiyozli kreditlari hisobiga ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlari sotib olishi uchun avtotransport vositalari ajratilishini taʼminlasin.
4. “Asaka” aksiyadorlik-tijorat bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishgan holda ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlari uchun imtiyozli kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
avtotransport vositalari sotib olish uchun imtiyozli kreditlar olishga tavsiya etiladigan roʻyxatlarga kiritish maqsadida ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlarini tanlash mezonlarini ishlab chiqsin;
ichki ishlar organlari patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari xodimlari orasida kreditlarni olish shartlari va tartibi toʻgʻrisida keng tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etsin;
ajratilgan kreditlar oʻz vaqtida qaytarilishi va sotib olinadigan avtotransport vositasini kreditning garov taʼminoti sifatida belgilangan muddatlarda rasmiylashtirishning doimiy monitoringini olib borsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-avgust,
696-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2018-y., 09/18/696/1816-son)