O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qarori hamda “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qarorida belgilangan dasturiy vazifalarni sifatli bajarish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining real sektorlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda fizika sohasida chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda yosh olimlar va talabalarni ilmiy jarayonga keng jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetining Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika laboratoriyasi negizida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutini (keyingi o‘rinlarda Institut deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
yarimo‘tkazgichlar fizikasi, yarimo‘tkazgichli mikroelektronika, materialshunoslik, geliofizika va muqobil energiya manbalari sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va bu borada ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, jumladan, ilmiy tadqiqotlar loyihalarini klaster shaklini tashkil etish orqali bajarish, shuningdek, yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika sohasini rivojlantirishning jahondagi zamonaviy tendensiyalarini tahlil qilish;
yangi yarimo‘tkazgichli materiallarni yaratish texnologiyalarini ishlab chiqish va ular asosidagi mikroelektronika hamda fotonikaning tayanch elementlari hisoblanadigan ko‘p qatlamli tuzilmalar parametrlarini tadqiq etish;
yuqori texnologik sohalar va respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan turli funksional maqsadlarga mo‘ljallangan barqaror va qayta tiklanuvchi parametrli zamonaviy yarimo‘tkazgichli asboblarni yaratish;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi va yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun Institutni zarur zamonaviy o‘quv hamda ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash orqali uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, sanoat va boshqa manfaatdor tashkilotlar, shuningdek, xususiy sektorning o‘zaro hamkorligini ta’minlash uchun yarimo‘tkazgichlar fizikasi hamda yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
barcha bosqichlarda fundamental va amaliy ilm-fanning ta’lim jarayoni bilan integratsiyalashuvini ta’minlash, bu borada o‘quv-tajriba, laboratoriya va kurs ishlarini bajarish, ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlarini o‘tash uchun laboratoriya bazasidan foydalanish;
tegishli bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining yangi o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘quv qo‘llanmalarini yaratishga amaliy yordam ko‘rsatish orqali o‘quv-metodik ishlarning darajasi hamda sifatini oshirish;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi hamda yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish, hamkorlikdagi xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek xalqaro ilmiy anjumanlar hamda simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazish;
bakalavrlar va magistrlarni tayyorlashda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish, shuningdek, Institut negizida fizikaning tegishli ixtisosliklari bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida ta’lim olishni tashkil etish orqali oliy malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
yarimo‘tkazgichlar fizikasi, mikroelektronika va fotonika sohasida ilmiy hajmdor texnologiyalarni yaratish hamda innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, shuningdek, respublika tashkilotlari va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga muvofiq ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 639-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 09/21/639/0956-son)
4. Belgilansinki:
Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisob raqamlariga ega bo‘ladi;
Institut direktori O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining:
turli xil nurlanishlarning yarimo‘tkazgichli materiallar va ular asosidagi asboblarning xususiyatlariga ta’sirini o‘rganish maqsadida “EG-2 SOKOL elektrostatik tezlatgich” noyob ilmiy obyektini Institutga berish;
ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalarini chop etish uchun Institutda “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika” ilmiy jurnali tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
binolar va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, Institut xodimlari (ilmiy xodimlardan tashqari) mehnatiga haq to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetlari mablag‘lari;
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;
xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarining grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Institut xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq 2018-yilda Institutni saqlashga budjet mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2018-yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2019-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan “Ilm-fan” sohasiga ajratiladigan xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda Institutning Ustavi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;
2018/2019 o‘quv yili boshlanguniga qadar Institutni respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ta’lim hamda ilmiy faoliyatni yuksak tashkiliy saviyada amalga oshirishga qodir tajribali mutaxassislari va ilmiy-pedagog xodimlaridan iborat yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirishni;
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, respublika oliy ta’lim muassasalarining “Fizika”, “Fizika va astronomiyani o‘qitish metodikasi”, “Biotibbiyot fizikasi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining 2 — 4 kurs talabalari hamda tegishli magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun Institut laboratoriyalari negizida differensiatsiyalashgan tartibda o‘quv jarayoni tashkil etilishini hamda bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini himoya qilish maqsadida ularning malakaviy amaliyot o‘tashini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahri, Olmazor tumani, Yangi Olmazor ko‘chasi 20-uyda joylashgan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Olmazor akademik litseyining (keyingi o‘rinlarda Litsey deb ataladi) bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga (keyingi o‘rinlarda obyekt deb ataladi) Institutga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Litsey o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Institut binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi obyektning belgilangan tartibda topshirilishi va qabul qilinishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Institut bilan birgalikda Institut laboratoriyalarini zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sarflanuvchi materiallar hamda butlovchi qismlar bilan ta’minlashga oid takliflarni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Institutda 01.04.10 — yarimo‘tkazgichlar fizikasi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasini (PhD) beruvchi Ilmiy kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Institut respublika iqtisodiyoti real sektorlarining potensial buyurtmachi (iste’molchi) tashkilotlari bilan birgalikda uch oy muddatda iqtisodiyot tarmoqlarining yarimo‘tkazgichlar fizikasi, yarimo‘tkazgichli mikroelektronika, materialshunoslik, geliofizika va muqobil energiya manbalari sohasida ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion ishlanmalarga bo‘lgan ehtiyojlar, shuningdek, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning jahondagi zamonaviy tendensiyalari o‘rganilishini ta’minlasin.
O‘rganish natijalari asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutida Innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va yangi yarimo‘tkazgichli materiallar yaratish bo‘yicha maqsadli kompleks ilmiy-texnik dastur ishlab chiqilsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilsin.
13. Institutga 1 ta yengil xizmat avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-innovatsion faoliyatini tashkil etish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil va keyingi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Institut bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash loyihalarini ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-iyun,
468-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktabrdagi 639-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 09/21/639/0956-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.06.2018-y., 09/18/468/1397-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son; 12.10.2021-y., 09/21/639/0956-son)