O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“O‘ZAGROSUG‘URTA” DAVLAT AKSIYADORLIK SUG‘URTA KOMPANIYASINI TAShKIL QILISh TO‘G‘RISIDA
Sug‘urta xizmatlari sohasini samarali rivojlantirishni ta’minlash, dehqonchilik mahsuloti yetishtiruvchilarni va aholini sug‘urta yo‘li bilan himoya qilish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining, “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining, “O‘zdonmahsulot” korporatsiyasining, “Paxtabank”, “G‘allabank”, “Mevasabzavotbank” tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat sug‘urtasi bosh boshqarmasi negizida “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil qilinadi hamda u barcha mulkiy va nomulkiy huquqlar va majburiyatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat sug‘urtasi bosh boshqarmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. Quyidagilar “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
dehqonchilik sohasida tovar ishlab chiqaruvchilarning mulki va mahsuloti sug‘urta yo‘li bilan qilinishini ta’minlash;
dehqonchilik sohasidagi tovar ishlab chiqaruvchi – qarz oluvchilarning to‘lashga qodirligini o‘rganish hamda tijorat banklari tomonidan qishloq xo‘jalik korxonalariga ishlab chiqarishni rivojlantirish va dehqonchilik sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib beriladigan kreditlarni qoplashga sug‘urta kafolatlarini taqdim etish;
dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ishlarni o‘tkazish uchun avans tariqasida beriladigan mablag‘lar qaytarilishini sug‘urtalash;
yuridik va jismoniy shaxslarga har tomonlama sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish, qishloq va shahar aholisining shaxsiy hamda mulkiy manfaatlari sug‘urta yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlash.
3. “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik kompaniyasining ustav sarmoyasi muassislar tomonidan 2000 mln. so‘m miqdorida e’lon qilinganligi va u quyidagi muassislik badallari hisobidan tashkil topishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1500 mln. so‘m miqdordagi mablag‘idan, bu mablag‘ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi qayta tashkil etilayotgan davlat sug‘urtasi bosh boshqarmasining o‘z mablag‘laridan hosil bo‘ladi;
b) “O‘zdavpaxtasanoatsotish” uyushmasining 250 mln. so‘m miqdordagi;
v) “O‘zdonmahsulot” korporatsiyasining 100 mln. so‘m miqdordagi;
g) “Paxtabank” tijorat bankining 35 mln. so‘m miqdordagi;
d) “G‘allabank” tijorat bankining 10 mln. so‘m miqdordagi;
e) “Mevasabzavotbank” tijorat bankining 5 mln. so‘m miqdordagi;
j) aksiyalarni erkin sotish, shu jumladan xorijiy sarmoyadorlarga sotishdan tushadigan 100 mln. so‘m miqdordagi mablag‘lardan.
4. “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi va uning hududiy bo‘linmalari daromad va mulk soliqlarini to‘lashdan besh yilga ozod qilinsin va bunda soliqqa tortishdan bo‘shagan mablag‘larning hammasi kompaniyaning sug‘urta (zaxira) jamg‘armasini ko‘paytirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda kompaniya faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qaror qabul qilsin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-martdagi 125-sonli ““O‘zagrosug‘urta” davlat-aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 25-fevral,
PF-1713-son