|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul massasi o‘sishini cheklash va moliya intizomiga rioya etish mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 30-martdagi PF-3047-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat mulki qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zgeodezkadastr” bosh boshqarmasi va Yer resurslari davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-dekabr,
422-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 4-dekabrdagi 422-son qaroriga
ilova
2002-yil 4-dekabrdagi 422-son qaroriga
ilova
Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish
TARTIBI
1. Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul massasi o‘sishini cheklash va moliya intizomiga rioya etish mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 30-martdagi PF-3047-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan va agar qarzdor kredit bo‘yicha o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan taqdirda garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymati kreditor bankning talabini qoplash uchun yetarli bo‘lmaganda undiruvni qarzdorlarning garovdan bo‘sh bo‘lgan boshqa, likvidli mol-mulkiga qaratish tartibotini belgilab beradi.
2. Mazkur Tartib maqsadlari uchun quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
kreditor bank — kredit bergan bank;
qarzdor — kreditor bankdan kredit olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
likvidli mol-mulk — qarz oluvchining oson sotiladigan mol-mulki, shu jumladan ijtimoiy infratuzilma obyektlari, transport vositalari, kompyuter va boshqa asbob-uskunalar, shuningdek qarzdorning boshqa mol-mulki.
3. Qarzdorning pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, kreditor bank kredit bo‘yicha qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan tartibda tuzilgan va notarial tasdiqlangan yozma bitim asosida qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga, yoxud undiruvni sud tartibida qarzdorning likvidli mol-mulkiga qaratish yo‘li bilan qaytarishga haqlidir.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Kreditor bank tomonidan kredit bo‘yicha qarzni qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish to‘g‘risidagi yozma bitim kredit va foiz to‘lovlari bo‘yicha qarz to‘liq qaytarilgungacha istalgan vaqtda tuzilishi mumkin.
4. Kreditor bankning kredit bo‘yicha qarzni qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish bo‘yicha huquqi, kredit bo‘yicha qarz to‘lanmagan taqdirda qarzdorning sotiladigan likvidli mol-mulki ro‘yxati, shuningdek ushbu mol-mulkni sotish tartibi kreditor bank va qarzdor o‘rtasidagi bitim bilan belgilanadi.
5. Qarzdor tomonidan kredit bo‘yicha qarz pul mablag‘lari yetishmasligi sababli o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda kreditor bank qarzdorni kredit bo‘yicha qarzni uning likvidli mol-mulki hisobiga qaytarish bo‘yicha o‘z mo‘ljali to‘g‘risida, kredit bo‘yicha qarzni uzish hisobiga qabul qilishga rozi bo‘lgan mol-mulk turlarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
6. Qarzdor bildirishnoma olingan kundan boshlab 15 kundan kechikmay kreditor bankka yozma javob yuborishi shart.
7. Qarzdor rozi bo‘lmagan taqdirda kreditor bank kredit bo‘yicha qarzni qonunchilikda belgilangan tartibda to‘latish maqsadida qarzdorning likvidli mol-mulkiga undirishni qaratish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Qarzdorning likvidli mol-mulki sotilishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi va qonunchilikka muvofiq sotilmagunicha auksiondan olinmaydi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-maydagi 282-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)
9. Kreditor bank qarzdorning likvidli mol-mulkini sotish maqsadida ochiq savdolar tashkil etishning tashabbuskori hisoblanadi.
10. Kreditor bank ochiq savdolar o‘tkazilgungacha 15 kundan kechikmay qarzdorni ularning o‘tkazilish sanasi va joyi to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
11. Qarzdor ochiq savdolarda umumiy asoslarda qatnashish huquqiga egadir.
12. Kreditor bankka berilishi kerak bo‘lgan to‘lov summasi kreditor bank tomonidan qarzdorning likvidli mol-mulkini sotish davri uchun ochiladigan maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
13. Ochiq savdolardan tushgan mablag‘larni taqsimlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Agar mol-mulkni sotishdan olingan summa kreditor bank talablarini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, qonunchilikda yoki bitimda boshqacha ko‘rsatma bo‘lmasa, u yetishmagan summani qarzdorning boshqa mol-mulkidan umumiy asoslarda olish huquqiga egadir.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Agar qarzdorning likvidli mol-mulkini sotishdan olingan summa qarzdorning kreditor bankdan kredit bo‘yicha qarzidan ortiq bo‘lsa, summadagi farq qarzdorga qaytarib beriladi.
16. Kreditor bank va qarzdor o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bitim shartlariga muvofiq hal etiladi. Vujudga kelgan kelishmovchiliklarni o‘zaro kelishuvga ko‘ra hal etish mumkin bo‘lmagan taqdirda tomonlar sudga murojaat qilishga haqlidir.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 23-son, 186-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2020-y., 09/20/30/0061-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son)