O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar yig‘ilishini amalga oshirish uchun soliq inspektorlarini to‘lov terminallari bilan ta’minlash to‘g‘risida
(qarorning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 18-iyuldagi PF-5116-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Soliq inspektorlari o‘zlariga biriktirilgan uchastkada mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lovchi jismoniy shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslarni hisobga olish yuzasidan tegishli ishlarni bajarishlari hamda ularning tegishli soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashini nazorat qilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan soliq to‘lovlari hisobiga mablag‘lar elektron platformada ishlashga moslashtirilgan ko‘p funksiyali maxsus to‘lov dasturlari yoxud to‘lov terminallari orqali bevosita bank plastik kartochkalari va naqd pul shaklida undirilishi tartibi belgilansin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son)
3. Tijorat banklari:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga 2017-yil 1-noyabrga qadar uchastka soliq inspektorlari uchun 2190 ta zamonaviy ko‘p funksiyali to‘lov terminallari ajratsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlaridan to‘lov terminallari ajratish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushgan davrdan boshlab yetti ish kuni davomida ularni tegishli dasturiy ta’minotli zamonaviy ko‘p funksiyali to‘lov terminallari bilan ta’minlasinlar, shuningdek ularni uchastka soliq inspektorlari tomonidan qo‘llash tartibi to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borsinlar;
Oldingi tahrirga qarang.
elektron platformada ishlashga moslashtirilgan ko‘p funksiyali maxsus to‘lov dasturlari yoxud to‘lov terminallari orqali to‘langan pul mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromadlar bo‘yicha tegishli g‘azna hisobvaraqlariga keyingi bank ish kunidan kechiktirmagan holda o‘tkazilishini ta’minlasinlar.
(3-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘lov terminallari orqali bank plastik kartochkalaridan davlat soliq xizmati organlariga va tijorat banklariga kelmasdan to‘lash imkoniyati mavjudligini aholi o‘rtasida ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi raisi B.R. Parpiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-oktabr,
832-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2017-y., 09/17/832/0120; 24.12.2020-y., 09/20/806/1662-son)