Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.03.2002
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZGALAR PARVARIShIGA MUHTOJ BO‘LGAN YoLG‘IZ FUQAROLARGA IJTIMOIY YORDAM KO‘RSATIShDA FUQAROLARNING O‘ZINI O‘ZI BOShQARISh ORGANLARI ROLINI OShIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-martdagi 106-sonli “O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar, pensionyerlar va nogironlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish hamda ular bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga mehnat organlarida ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan fuqarolarni yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish uchun 2000-yil mobaynida haq to‘lanadigan vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb qilish huquqi berilsin.
2. Belgilansinki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun haq to‘lanadigan vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq amaldagi xarajatlar (shu jumladan, ijtimoiy sug‘urtaga ajratmalar) 2000-yilda, istisno tariqasida, 100 foiz miqdorda Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Ijtimoiy ta’minot vazirligi, Moliya vazirligi, “Mahalla” respublika jamg‘armasi:
yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun haq to‘lanadigan vaqtinchalik jamoat ishlariga ishsiz fuqarolarni jalb qilishning vaqtinchalik tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, bunda bir xodimning xizmat ko‘rsatish normativlarini, ushbu ishlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash tartibini, shuningdek, ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning to‘liqligi va sifatini samarali nazorat qilish mexanizmini nazarda tutsinlar;
yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun haq to‘lanadigan vaqtinchalik jamoat ishlariga ishsiz fuqarolarni jalb qilishning vaqtinchalik tartibini joriy yilda qo‘llash natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga yolg‘iz pensionyerlarga, keksalarga va nogironlarga uyda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ishlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Umumiqtisodiyot kompleksi rahbari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-iyul,
288-son