Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxatiga oʻzgartirishlar kiritish haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 4-son, 30-modda) bilan tasdiqlangan Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxatiga izoh matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“* Mahsulotning muvofiqligini tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
** Muvofiqlikni tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan faqat Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning muvofiqligini maʼlum qilish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
*** Faqat oziq-ovqat sanoatida hamda farmatsevtika mahsulotlari va chorva mollari uchun ozuqa ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan mahsulotlar. Muvofiqlikni tasdiqlash muvofiqlikni deklaratsiyalash yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
**** Muvofiqlikni tasdiqlash faqat chetdan keltirilayotgan mahsulotlarga xorijiy mamlakatlarning akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlarini yoki muvofiqlik toʻgʻrisida deklaratsiyasini tan olish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin”.
2. “Oʻzstandart” agentligi oʻzi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi U.U. Rozukulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-iyul,
475-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 28-son, 652-modda)