Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLIKLAR, IDORALAR VA BOShQA RESPUBLIKA ORGANLARI XODIMLARINING ChET EL XIZMAT SAFARLARIGA BORIShINI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 7-iyuldagi F-1030-son farmoyishi bilan tashkil etilgan respublika komissiyasi tomonidan vazirliklar, idoralar va boshqa respublika organlari xodimlarining chet el xizmat safarlariga borishini oʻrganish materiallari xizmat safarlari natijalari Oʻzbekistonning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalari yanada rivojlanishiga, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirishga, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga, Oʻzbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi mavqeyini mustahkamlashga koʻmaklashganligidan dalolat bermoqda.
Shu bilan birga bir qancha davlat-aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va xoʻjalik birlashmalarida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida rahbarlar va mutaxassislarning chetga chiqishi qoidalari qoʻpol ravishda buzilishi, valyuta mablagʻlaridan nooʻrin foydalanish, xizmat safarlari natijalari samarali qoʻllanilishi ustidan nazorat qilmaslik hollari aniqlandi.
Xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga borishni yanada tartibga solish va ularning natijalarini samarali qoʻllash ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar va boshqa respublika organlari xodimlarining chet el xizmat safarlariga borishining asoslanganligini tekshirish boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan tayyorlangan maʼlumotnoma maʼlumot uchun qabul qilinsin va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar koʻrish uchun Vazirlar Mahkamasi Komplekslariga, vazirliklar va idoralarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuborilsin.
2. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi, “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi, Davlat mulki qoʻmitasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbarlari tomonidan asoslanmagan ravishda chet el xizmat safarlariga borishlarga yoʻl qoʻyilganligi, xizmat safarlari natijalari tahlil qilinmayotganligi va ular samaradorligiga qatʼiy baho berilmayotganligi qayd etilsin. Chet el xizmat safarlarini rejalashtirishda respublika iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish hamda tarmoqning aniq muammolarini hal etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni amaliy hal etishga zarur eʼtibor berilmayapti.
3. Davlat intizomini va chet elga chiqishning belgilangan tartibini qoʻpol ravishda buzganligi, xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilganligi va chet elda xizmat safarida boʻlish davrida yoʻl qoʻygan shaxsiy nokamtarligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi raisi T.Sh. Shoyoqubov va Davlat geologiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari G.A. Abdurahmonovning, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi raisi N.E. Ermetovning bundan buyon egallab turgan lavozimlarida qolishi maqsadga muvofiq emas deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovdan ularni egallab turgan lavozimlaridan ozod qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish iltimos qilinsin.
4. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh direktori V.N. Sigedin va “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi raisi A.B. Jamolov ular tomonidan mansabdor shaxslarning asossiz ravishda chet elga xizmat safarlariga borishiga yoʻl qoʻyilganligi va valyuta mablagʻlaridan nooʻrin foydalanilganligi uchun ogohlantirilsin.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi M.A. Sobirovning eʼtibori mansabdor shaxslarning asossiz ravishda chet el xizmat safarlariga borishlari va ularning samaradorligi ustidan zarur nazoratning yoʻqligiga qaratilsin.
5. Vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari, idoralarning rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va shaharlar hokimlari chet el xizmat safarlariga borishning asoslanganligi va samaradorligi, shuningdek valyuta mablagʻlaridan samarali foydalanilishi va ular boshchilik qilayotgan tashkilotlar mansabdor shaxslarining safarlar yakunlari boʻyicha oʻz vaqtida hisobotlar taqdim etishi uchun shaxsan javob berishlari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-7-bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-oktabrdagi 299-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-oktabrdagi 299-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safari xarajatlari uchun mablagʻlar berish tartibini va chet elda xorijiy valyutadagi mablagʻlarni sarflash normalari (ovqatlanish va yashash uchun)ni, ularni boʻlinadigan mamlakat shart-sharoitlariga muvofiqlashtirishni va avvalo “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviatsiya kompaniyasi yoʻnalishlaridan foydalanishni nazarda tutgan holda, bir oy muddatda qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsin, unda mutaxassislarni xizmat safariga yuborish muddatlari va ularni almashtirish tartibini nazarda tutsin hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 102-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining chet ellardagi vakolatxonalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Komplekslari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1999-yil 9-sentabr,
417-son