Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.03.2003
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJRO IShINI RIVOJLANTIRISh JAMG‘ARMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-martdagi 147-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan, 1-band bundan mustasno.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda ijro ishini yanada takomillashtirish va sud ijrochilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentining Ijro ishini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
2. Belgilansinki:
Jamg‘armaning daromadlari ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy tartibda davlat daromadiga undirilgan summadan 30 foiz ajratmalar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi;
Jamg‘armaning mablag‘laridan Departamentning hududiy bo‘limlari va sud ijrochilari tuman (shahar) bo‘linmalari binolarini qurish, ta’mirlashda va ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlashda, shuningdek sud ijrochilari faoliyati samaradorligini oshirishda foydalaniladi.
Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti direktori zimmasiga yuklanadi.
3. Ijro ishini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T.Sultonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudoybergenov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 17-oktabr,
358-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 17-oktabrdagi 358-son qaroriga
ILOVA
Ijro ishini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida
NIZOM
1. Ijro ishini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda matnda “Jamg‘arma” deb yuritiladi) “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamentida (keyingi o‘rinlarda matnda “Departament” deb yuritiladi) tashkil etilgan va sud ijrochilarini qo‘shimcha ravishda mablag‘ bilan ta’minlashga hamda ular faoliyatining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga mo‘ljallangan.
2. Jamg‘arma mablag‘lari:
a) ijro ishini amalga oshirish bo‘yicha budjetga undirilgan summadan 30 foiz ajratmalar;
b) O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.
3. Jamg‘arma mablag‘lari:
a) Departamentning hududiy bo‘limlari va sud ijrochilari tuman (shahar) bo‘linmalari binolarini qurish, jihozlash, ta’mirlash, inventarlar, tashkiliy texnika vositalari bilan ta’minlash, kompyuterlashtirishga;
b) ijro ishlarini amalga oshirishdagi zarur xarajatlarga;
v) sud ijrochilari umumiy sonining 10 foizigacha doirada sud ijrochilari qo‘shimcha shtat birliklari ta’minotiga;
g) xizmat maqsadlari uchun avtotransport va texnika vositalari sotib olishga, ularni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatishga;
d) sud ijrochilarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy muhofaza qilish (Departament xodimlariga uy-joylar qurish, ularni sanatoriy-kurortda va tibbiy davolash, maoshlariga ustamalar va qo‘shimchalar belgilash, moddiy yordam ko‘rsatish)ga;
e) Jamg‘arma zaxirasini yaratishga;
j) ijro ishini takomillashtirish bilan bog‘liq boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.
4. Sud ijrochilarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish va ularning Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishuv bo‘yicha amalga oshiriladi.
5. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish sud ijrochilari tuman (shahar) bo‘linmalarini rivojlantirish dasturlarini mablag‘ bilan ta’minlash vositasida amalga oshiriladi.
Sud ijrochilari tuman (shahar) bo‘linmalarini rivojlantirish dasturlari, ularni mablag‘ bilan ta’minlash miqdorlari, shuningdek Jamg‘armaning har yili zaxiraga qo‘yiladigan mablag‘lari miqdori Jamg‘arma Kengashi tomonidan belgilanadi.
6. Jamg‘arma Kengashiga Departament direktori rahbarlik qiladi, uning tarkibiga shuningdek Departament direktorining o‘rinbosari, Departament bo‘limlari boshliqlari va Departament hududiy bo‘limlari boshliqlari kiradi.
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha qarorlar Jamg‘arma Kengashi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Dasturlar bo‘yicha xarajatlar smetalarini Jamg‘arma Kengashi tomonidan belgilangan limitlar doirasida tasdiqlash va ularga tuzatishlar kiritish, shuningdek Jamg‘armaning zaxira mablag‘laridan foydalanish Departament direktori zimmasiga yuklanadi.
7. Jamg‘arma mablag‘larini to‘plash va sarflash bo‘yicha joriy ishlar Departament tomonidan amalga oshiriladi.
8. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmagan mablag‘lari budjetga olib qo‘yilmaydi va ulardan keyingi yilda foydalaniladi.
9. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi hisobot har yili Jamg‘arma Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va Departament tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hamda belgilangan tartibda Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2002-y., 20-son, 154-modda; 2003-y., 5-6-son, 54-modda)