|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.11.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-sonli qaroriga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun test sinovlariga tayyorgarlik koʻrgan abituriyentlar mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, № 22, 242- modda) 1-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan, harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolar barcha yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy taʼlim muassasalariga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga ega boʻladilar”.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 4-aprel,
PQ-2867-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 14-son, 218-modda)