Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.03.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
UMUMTAʼLIM MAKTABLARINING OʻQUV BINOLARIDAN SAMARALI FOYDALANIShGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Umumtaʼlim maktablarida oʻquv jarayonini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etishni takomillashtirish va taʼlim tizimini rivojlantirishga yoʻnaltirilayotgan budjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil 1-sentabrdan boshlab barcha turdagi umumtaʼlim maktablari sinflarida, shu jumladan maktab-internatlar, gimnaziyalar va litseylarda oʻquvchilar sonining quyidagi normativlari belgilansin: I-IX sinflarda — 35 oʻquvchi, X-XI sinflarda — 30 oʻquvchi.
Namunaviy loyihalar boʻyicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, oʻquvchilar soni yetarli boʻlmagan umumtaʼlim maktablarida, uzoq, togʻ, choʻl joylarda joylashgan maktablarda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida oʻqitilmaydigan maktablarda oʻquvchilar soni mahalliy moliya va xalq taʼlimi organlari bilan kelishgan holda sinflarni toʻldirishning oʻziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
2. Jismoniy yoki aqliy rivojlanish jihatidan nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlardagi sinflarda oʻquvchilar sonining amaldagi normativlari saqlab qolinsin.
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 27-maydagi 255-son qaroriga 1-ilovaning 6-bandi;
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 21-noyabrdagi 440-son qaroriga 1-ilovaning II boʻlimi 22-bandi va 2-ilovaning II boʻlimi 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari H.S. Karomatov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 19-iyul,
352-son