Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING VITSE-PREZIDENTI LAVOZIMINI TUGATISh HAMDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING BOSh VAZIRI LAVOZIMINI TAʼSIS ETISh VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING KONSTITUTSIYASI (ASOSIY QONUNI)GA OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun 1992-yil 8-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Vitse-prezidenti lavozimi tugatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh Vaziri lavozimi joriy etilsin.
Z. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
a) 102-moddaning 8-bandidagi “Oʻzbekiston SSR Vitse-prezidentining, Oʻzbekiston SSR Vazirlar Mahkamasi Raisi birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlarining” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 107-moddaning birinchi qismi “Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga” degan soʻzlardan keyin “Vazirlar Mahkamasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
v) 113-modda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisiga” degan soʻzlardan keyin “Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
g) 118-4-moddaning 6-bandidagi birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bosh vazirni, uning birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlarini tayinlab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining tasdigʻiga kiritadi”;
d) 118-9-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti biron-bir sabablarga koʻra oʻz vazifalarini bajarishni bundan buyon davom ettira olmasa (shu jumladan— salomatligi yomonlashgan va bu hol Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tuzadigan davlat tibbiyot komissiyasining xulosasi bilan tasdiqlangan boʻlsa), Oliy Kengash yangi Prezident saylovi oʻtkazilgunga qadar Respublika Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarib turuvchi kishini saylaydi”;
e) 120-moddaning birinchi va toʻrtinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati Bosh vazirdan, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlaridan, Respublika vazirlaridan, davlat qoʻmitalarining raislaridan, yirik konsernlarning va birlashmalarning rahbarlaridan iborat boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil etadi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 4-yanvar,
494-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 3-son, 144-modda)