|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.09.2018
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasini TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 704-sonli “Davlat soliq xizmati organlari xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tartibga solish va takomillashtirish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq respublika soliq organlari uchun mutaxassislarni maqsadli tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(kirish qismi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining oʻquv markazi negizida soliq kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Akademiya soliq xizmatlari uchun kadrlar tayyorlash tizimidagi ishlarni muvofiqlashtirishni taʼminlovchi, davlat soliq xizmati organlari kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha respublika ilmiy-metodik markazi va oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
(1-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-avgustdagi 155-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 316-modda)
Akademiyada tinglovchilarni oʻqitish kunduzgi va sirtqi shakllarda amalga oshiriladi;
Akademiyaga soliq kollejlarini tamomlaganlar 4 yil muddat bilan bakalavrlar tayyorlash dasturi boʻyicha oʻqitish uchun, oliy oʻquv yurtlarini tamomlaganlar qisqartirilgan bir yillik dastur boʻyicha qayta tayyorlash va 2 yil oʻqitish muddati bilan magistrlar tayyorlash uchun qabul qilinadi;
Akademiya bazasida soliq organlari xodimlari uchun oʻqitish muddati 3 oygacha boʻlgan malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
Akademiyaning maʼmuriy-boshqaruv va professor-oʻqituvchilar tarkibiga Davlat soliq qoʻmitasi xodimlarining tegishli toifalari uchun xizmatni oʻtash shartlari tatbiq etiladi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son , 77-modda)
2. Akademiyaning maʼmuriy-boshqaruv xodimlari va professor-oʻqituvchilar tarkibining shtatlar soni 105 kishidan (xizmat koʻrsatuvchi va yordamchi xodimlardan tashqari) iborat etib belgilansin.
Akademiya rektoriga Akademiyaning tuzilmasi va shtatlar soniga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2003-yil 1-sentabrgacha Akademiya tuzilmasida Rezerv va zaxira ofitserlarini tayyorlash harbiy kafedrasini tashkil etsinlar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son , 77-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Akademiya toʻgʻrisidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
Akademiyada soliq va bojxona kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha mashgʻulotlarning 2001-yil 1-sentabrdan boshlanishini taʼminlasinlar;
Akademiyadagi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv rejalarini, dasturlarini hamda oʻquv-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
2001/2002 oʻquv yili boshlangungacha, oʻquv jarayonini tashkil etish va taʼlim sifatini taʼminlash xususiyatlarini hisobga olgan holda, oʻqituvchi kadrlarni tanlov asosida tanlash tizimini ishlab chiqsinlar va shu asosda Akademiyaning professor-oʻqituvchilar tarkibini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirsinlar;
Davlat test markazi bilan kelishgan holda, Akademiyaga tinglovchilarni tanlash va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
5. Soliq va bojxona organlari Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi 2001/2002 oʻquv yilida “Soliqlar va soliqqa tortish” hamda “Bojxona ishi” fakultetlariga quyidagi dasturlar boʻyicha tinglovchilar qabul qilinishini taʼminlasinlar:
bakalavrlar tayyorlash toʻliq dasturi boʻyicha har biri 25 kishidan iborat ikkitadan guruh;
bir yillik qayta tayyorlash dasturi boʻyicha har biri 25 kishidan iborat bittadan guruh.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Akademiyani oziq-ovqat, ashyoviy mulklar, mebellar va kazarma jihozlari, oziq-ovqat xizmati anjomlari va avtotransport vositalari bilan taʼminlashning belgilangan normalarini bir oy muddatda tasdiqlasinlar.
7. Akademiya Toshkent shahar, Sobir Yusupov koʻchasi, 3-uy va Muqimiy koʻchasi, 166-uydagi Toshkent soliq kolleji va Davlat soliq qoʻmitasining oʻquv markazi binolariga joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi ikki oy muddatda:
Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (“Biznes fond”) va “Madad” sugʻurta agentligining Sobir Yusupov koʻchasi, 1-uyda joylashgan binosini hamda “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi oʻquv markazining Sobir Yusupov koʻchasi, 3-uyda joylashgan binosini (tutash hududlari bilan) qoldiq balans qiymati boʻyicha Akademiya balansiga bersinlar. Berilayotgan binolar uchun toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi maxsus fondlari mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin;
berilayotgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini toʻlovsiz ajratsinlar;
Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash fondi (“Biznes fond”)ni hamda “Madad” sugʻurta agentligini joylashtirishni taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi xarajatlar smetalariga va shtat jadvallariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
2001-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasiga taʼminlash uchun belgilangan tartibda zarur budjet mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda Akademiya uchun oshxona, yordamchi transformator stansiyasi va nazorat-oʻtkazish punkti qurilishini, uning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilishni 2001-yil investitsiya dasturiga kiritsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son, 77-modda)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 2-maydagi 175-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Oʻ.T.Komilov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 10-yanvar,
16-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasi
TUZILMASI
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi229-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2003-y.,9-10-son, 77-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-maydagi 229-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2003-y., 9-10-son , 77-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 1-2-son, 3-modda; 2003-y., 9-10-son, 77-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)