|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.02.2019
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishni tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 163-sonli “Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishni tartibga solish, eksport kontraktlarini sug‘urta qilishning amaldagi mexanizmini takomillashtirish, shuningdek mahsulotlarning ko‘rsatib o‘tilgan turlarini eksport qilishga doir kontraktlarni bojxonada rasmiylashtirishning yanada ochiq-oshkoraligini ta’minlash hamda ularning respublika bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni (TIF TN kodi 07-08) eksport qilish belgilangan tartibda barcha transport vositalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 15-iyundagi 207-sonli qarori tahririda— O‘R QHT, 2016-y., 24-son, 292-modda)
2. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ yuk jo‘natuvchilarning buyurtmanomalari bo‘yicha talab qilinadigan izotermik va universal harakatlanadigan tarkib belgilangan tartibda o‘z vaqtida berilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilish o‘z vaqtida bojxonada rasmiylashtirilishini va qo‘llaniladigan transport vositalari qat’iy nazorat qilinishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Davlat soliq qo‘mitasining 2015-yil 1-oktabrdan boshlab meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishda nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari reyestrini yuritish mexanizmini joriy etish to‘g‘risida taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishda nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari reyestrini yuritish yuklansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Markaziy bank, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishda nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislarini aniqlash, shuningdek ularning reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni 2015-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Bunda nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari to‘g‘risidagi axborot har oyda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga taqdim etilishi nazarda tutilsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, quyidagilar xo‘jalik subyektini meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishda nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari reyestriga kiritish uchun asos hisoblanadi:
eksport qiluvchilarning tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik qarzlari mavjudligi;
meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutadagi tushumning bir qismi vakolatli banklarga o‘z vaqtida majburiy sotilmasligi.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari reyestriga kiritilgan xo‘jalik subyektlari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum eksport qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
xo‘jalik subyektini nohalol eksport qiluvchilar va ularning muassislari reyestridan chiqarish xo‘jalik subyektini ushbu reyestrga kiritish uchun asos bo‘lgan kamchiliklar ular tomonidan bartaraf etilgandan keyin amalga oshiriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda:
eksport kontraktlarini sug‘urtalashni alohida hisobga olish, hisobot va sug‘urtalovchilar faoliyatini nazorat qilish tartibini ishlab chiqsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda sug‘urtalovchilarga huquqiy ta’sir ko‘rsatish choralarini kuchaytirsin, bunda eksport kontraktlarining sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta tovonlarini to‘lash muddatlari, shuningdek eksport kontraktlarini sug‘urta qilish bo‘yicha hisob va hisobot talablari buzilganligi uchun sug‘urtalovchilarga nisbatan sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urtalovchilar uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizigacha miqdorda belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qo‘llanilishini nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin;
o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 28-avgust,
249-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 34-son, 457-modda, 41-son, 527-modda; 2016-y., 3-son, 25-modda, 14-son, 131-modda, 24-son, 292-modda)