1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.04.00 Iqtisod sohalarini moliyalashtirish. Investitsiyalash]
[TSZ:
1.Moliya / Budjet. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IQTISODIYOT VAZIRLIGINING
Qarori
Geologiya-qidiruv ishlari yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 2-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2662]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2025-yil 11-iyundagi 264-sonli ““Geologiya-qidiruv ishlari yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2662-1, 27.06.2025-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi qaror qiladi:
1. Geologiya-qidiruv ishlari yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2011-yil 5-sentabrdagi 59 va 10-son “Geologiya-qidiruv ishlarining yillik dasturlarini Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2278, 2011-yil 18-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 42-son, 457-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 26-fevral,
18-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2015-yil 26-fevral,
91-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2015-yil 26-fevraldagi 18, 91-sonli qaroriga ILOVA
Geologiya-qidiruv ishlarining yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va uning tasarrufidagi tashkilotlar, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlari (keyingi oʻrinlarda GQI deb yuritiladi) dasturini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb yuritiladi) moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
GQI dasturi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda tasdiqlangan bir yilga moʻljallangan GQI dasturi;
GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi — Davlat budjeti parametrlari doirasida GQIni amalga oshirish uchun subsidiya koʻrinishida budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati;
bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-sonli “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 8-bandiga muvofiq GQIning amaldagi ish hajmi va foydali qazilmalar zaxiralarini oʻstirish prognozi(topshirigʻi)ni bajarish natijalariga qarab kelgusi yilning 1-fevraligacha toʻlanadigan bir yilga moʻljallangan GQIga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar umumiy summasining 10 foizi miqdordagi pul mablagʻlari.
2. Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan faqat GQI dasturiga kiritilgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga muvofiq budjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ravishda moliyalashtirilishi belgilangan GQI hajmlari hamda ularga tegishli boʻlgan xarajatlar moliyalashtiriladi.
Subsidiya koʻrinishidagi budjet mablagʻlari soliq solinadigan daromad sifatida qaralmaydigan GQIni bajarish uchun maqsadli tushumlar hisoblanadi.
3. Budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan GQIning quyidagi turlari va ularga tegishli boʻlgan xarajatlar moliyalashtiriladi:
a) regional miqyosdagi geologik, geofizik, geokimyoviy, gidrogeologik, geoekologik va boshqa xaritalash ishlari, oltin va uran boʻyicha maxsuslashtirilgan oldindan izlash ishlari;
b) qimmatbaho, rangli, radioaktiv, qora, noyob va nodir metallar, gidromineral resurslar, qattiq noruda foydali qazilmalari boʻyicha izlash va baholash ishlari;
v) foydali qazilma konlarini razvedka qilish (yangidan aniqlangan konlarda mukammal razvedka qilish ishlari), maʼlumotlarni tahlil qilish, mavzuga yoʻnaltirilgan ishlar va tajriba-uslubiy ishlar;
g) geologiya-qidiruv texnikasini ishlab chiqish boʻyicha tajriba-konstruktorlik ishlari, maxsus belgilangan ishlar, yer qaʼrini muhofaza qilish va mineral xom ashyo resurslaridan oqilona foydalanish;
d) yer osti suvlarining kamayishi va ifloslanishidan muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar;
e) ilmiy-tadqiqot hamda meʼyoriy-tadqiqot ishlari;
j) geologiya tarmogʻi xodimlarini va talabalarni geologiya sohasi uchun oʻqitish, tarmoq konferensiya va seminarlarini oʻtkazish;
z) vaqtinchalik binolar va inshootlarni qurish hamda dala bazalarida qulayliklar yaratish va asosiy vositalarni xarid qilish;
i) konlarni ochganlik uchun pul mukofoti toʻlash;
k) xalqaro konferensiyalarni oʻtkazish.
4. Mazkur Nizom quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
neft va tabiiy gazga oid GQIga;
togʻ-maʼdan tashkilotlarini loyihalashtirish va qurish, shuningdek kapital togʻ inshootlarini oʻtish va burgʻulash quduqlarining togʻ-geologik, gidrogeologik va togʻ-texnik sharoitlarini qoʻshimcha ravishda oʻrganish bilan bogʻliq GQIga;
tashkilotlar tomonidan konchilik ishlari uchun ajratilgan yer maydonlari doirasida ishlatilayotgan konlarda, shuningdek ushbu konlar chekkalarida bajarilayotgan GQIga;
foydali qazilmalarning joylashish chegaralarini va ularning moddiy tarkibini, shuningdek tayyorlov va qazish ishlari yoʻnalishini aniqlash maqsadida bajarilayotgan foydali qazilma konlaridagi ishlatilayotgan bloklar va karyerlar doirasida geologik tadqiqotlarning barcha turlariga.
2-bob. GQI dasturlarini moliyalashtirish parametrlarini aniqlash
5. Har yili GQIni bajarish uchun ish turlari va obyektlar boʻyicha Davlat budjetidan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlari GQI dasturlari doirasida tegishli budjet mablagʻlari va boshqa moliyalashtirish manbalari hisobiga, shuningdek foydali qazilma zaxiralarini (prognoz resurslarini) oʻstirishning maqsadli koʻrsatkichlariga muvofiq bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning fizik hajmlariga bogʻliq GQIlar dasturida koʻrsatiladi.
6. GQI dasturi tasdiqlangandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilarning eʼtiboriga ular uchun nazarda tutilgan hamda GQI dasturini bajarishga moʻljallangan budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlarini maʼlum qiladi.
7. GQI uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar hamda xarajatlar moddalari kesimida taqsimlash Davlat budjetining xarajatlar tasnifiga muvofiq amalga oshiriladi.
8. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan GQI dasturlarini amalga oshirish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hajmlari toʻgʻrisida maʼlumot olganlaridan soʻng 5 ish kuni mobaynida joriy yilga moʻljallangan GQI dasturida nazarda tutilgan ajratiladigan mablagʻlar umumiy summasidan 90 foiz va oʻtgan yilda bajarilgan GQIlar summasidan 10 foiz bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar nazarda tutadigan, bir yilga moʻljallangan jamlanma xarajatlar smetalarini tuzadilar va roʻyxatdan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga kiritadilar. Shu muddatlar ichida oylar boʻyicha boʻlingan alohida smetalar taqdim etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga tasdiqlangan GQI dasturlari doirasida budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 27-avgustdagi PQ-1396-son “Geologiya-razvedka ishlarini tashkil etish va olib borish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Bunda, oʻqitish va konlarni ochganlik uchun pul mukofotlarini toʻlash, xalqaro konferensiyalarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq hajmda smetalarga kiritiladi va kalendar yil davomida moliyalashtiriladi.
9. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi smetalar bilan bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga amalda bajarilgan ish hajmlari monitoringini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan, GQI dasturi doirasida bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning fizik hajmlarini oylar boʻyicha boʻlib chiqqan holda taqdim etadi.
3-bob. GQI dasturini moliyalashtirish
10. GQI dasturini va ularga oid xarajatlarni moliyalashtirish, tuzilgan shartnomalar, yuridik majburiyatlarni roʻyxatga olish uchun soʻrovnoma va yuridik majburiyatlarning qabul qilinishini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar doirasida Davlat budjetining gʻazna ijrosi qoidalariga (roʻyxat raqami 2007, 2009-yil 16-sentabr) muvofiq amalga oshiriladi.
11. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tasarrufidagi va boshqa tashkilotlar bilan, shuningdek oʻzaro GQIning maʼlum hajmlarini pudrat asosida bajarishga shartnomalar tuzishlari mumkin.
12. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan boʻlinmalari tomonidan ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish ichki xoʻjalik shartnomalari asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
13. Ishlarni bajarilganligini (xizmat koʻrsatilganligini) tasdiqlovchi shartnomalar va ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq bajarilgan GQIni qabul qilish dalolatnomalari (rasshifrovkasiz) budjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan toʻlovlarni toʻlash uchun asos boʻladi.
GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarga koʻra toʻlovlar gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining banklardagi hisob raqamlariga, keyinchalik ulardan GQI dasturida belgilangan maqsadlar uchun qonun hujjatlariga muvofiq foydalanish uchun oʻtkaziladi.
14. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar ularni tasdiqlangan smetalarga muvofiq umumiy summasining 90 foizi miqdorida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish uchun gʻaznachilik boʻlinmalariga tegishli moliya yili uchun shartnomalarni taqdim etadilar. Bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar keyingi yilning 1-fevraliga qadar toʻlanadi.
Budjetdan mablagʻ oluvchilar va boshqa tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan GQIni bajarishga oid shartnomada hamda unga ilova qilingan moliyalashtirish jadvalida quyidagilar hisobga olinadi:
GQIning birinchi oyi davomida joriy yilga shartnomada belgilangan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdordagi avans toʻlovi;
ajratilgan avansni proporsional ravishda ushlab qolishni hisobga olgan holda, bajarilgan GQI dalolatnomasiga muvofiq har oyda toʻlanadigan haq.
15. GQIni bajarish uchun budjet mablagʻlarini oluvchi hisobot choragidan keyingi 10 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga GQI topshirigʻining bajarilishi toʻgʻrisidagi oʻtgan chorak uchun (oylar boʻyicha) pul va fizik koʻrinishdagi maʼlumotlarni Moliya vazirligi bilan kelishilgan jadval shaklida taqdim etadi.
16. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar GQIga oid shartnomalarni tuzishda fors-major holatlarning vujudga kelish imkonini hamda ushbu holatlar bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirishga mablagʻlar oʻtkazish tartibini aks ettirishlari lozim.
17. Fors-major holatlar sababli (tabiiy ofatlar, avariyalar va boshqalar) GQI toʻxtatib qoʻyilgan hollarda GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tuzilgan shartnomalarga muvofiq GQI dasturlarida nazarda tutilgan summalar doirasida quyidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar oʻtkazib beradi:
xodimlar va mol-mulkni boshqa joyga koʻchirish, GQI olib borilgan obyektlarda yuzaga kelgan holatlarning odamlarga va atrof-muhitga salbiy taʼsirini cheklash yoki bartaraf etish;
kelgusida GQIni bajarish uchun asosiy vositalarning ishlash qobiliyatini tiklash.
GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi koʻrsatib oʻtilgan ishlar yakuniga yetgandan keyin ikki haftalik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda bajarilgan ishlar va ular bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq bayon qilingan hisobotni taqdim etishi shart.
4-bob. Foydali qazilmalar zaxiralarini oʻstirishga oid amalga oshirilgan prognozlar (topshiriq) hamda GQIning haqiqiy ish hajmlari natijalari boʻyicha GQIning yakuniy hisob-kitoblarini amalga oshirish
18. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar har yili 10-dekabrgacha boʻlgan muddatdan kechikmay foydali qazilmalar zaxiralarini oʻstirishga oid (prognoz resurslar) hamda GQI ish hajmlariga oid yillik rejalashtirilgan ishlarning yakuni boʻyicha tahliliy maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tahliliy maʼlumotda bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar summasining dastlabki hisob-kitoblarini koʻrsatib oʻtadi.
19. Bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar foydali qazilma zaxiralarini oʻstirish prognozi (topshiriq) hamda GQIning amaldagi ish hajmlari natijalari boʻyicha amalga oshiriladi. Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarni ajratish mezonlari boʻlib, GQI dasturida nazarda tutilgan miqdoriy va diskret (ha/yoʻq) koʻrsatkichlarga erishish hisoblanadi.
20. Oʻrganilganlik darajasi, asoslanganligi va ishonchliligiga koʻra foydali qazilmalar zaxiralari A, V, S1, S2 toifalariga, prognoz resurslari — R1 va R2 toifalariga boʻlinadi.
GQI dasturida alohida satrda koʻrsatilgan foydali qazilma uchun har bir ish turi yoʻnalishi boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning tegishli summasiga muvofiq maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganlik baholanadi. Agar foydali qazilmalarga oid ish yoʻnalishi yakuniy natijasida foydali qazilmalarning zaxiralarini (A, B, S1, S2 toifalar boʻyicha) yoki prognoz resurslarini (R1, R2 toifalari boʻyicha) oʻstirish nazarda tutilgan boʻlsa, bunday holda ushbu koʻrsatkichlarning bajarilishi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq, foydali qazilmaning har bir turi boʻyicha zaxiralarni yoki prognoz resurslarning oʻsishi bajarilmagan hollarda, u boʻyicha bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilmaydi.
21. GQI dasturlari doirasida foydali qazilmalar zaxiralarini va prognoz resurslarini oʻstirishni yakuniy natijada nazarda tutmaydigan GQIlarning ayrim turlari uchun bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlov miqdori, fizik hajmlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Fizik hajmlarning bajarilishini baholash har bir asosiy ish turi (burgʻulash, yer osti va ustki konchilik ishlari) boʻyicha amalga oshiriladi. Asosiy ish turi boʻyicha biron-bir fizik hajmlar bajarilmagan hollarda, u boʻyicha bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlov amalga oshirilmaydi.
22. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻini oluvchi tomonidan GQI dasturining maqsadli koʻrsatkichlariga erishganlik toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlovchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi, idoraning ilmiy-texnik kengashi, idoraning doimiy ishlaydigan komissiyasining bayonnomalari va tegishli aprobatsiyalar) bilan birga hisobot yilidan keyingi yilning 10-yanvaridan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga va Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi tomonidan bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlarning toʻlanishi lozim boʻlgan summasining aniq hisob-kitoblari hisobot davridan keyingi yilning 15-yanvaridan kechiktirmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 20-yanvargacha boʻlgan muddatda hisobotni koʻrib chiqadi va GQI dasturining tasdiqlangan parametrlari GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi tomonidan bajarilganligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
24. Asosli eʼtirozlari mavjud boʻlgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchidan hisobotga zarur aniqlik va qoʻshimchalar kiritilishini talab qilish huquqiga ega.
Zarur hollarda GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilari bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlarning toʻlanishi lozim boʻlgan summasining hisob-kitobiga oʻzgartirishlar kiritadilar va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga va Moliya vazirligiga hisobot taqdim qiladilar.
25. Hisobot boʻyicha hech qanday kamchiliklar boʻlmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlov summasini tasdiqlagan holda GQI dasturi parametrlarining bajarilishi yakunlari toʻgʻrisidagi oʻzaro bayonnomani imzolaydilar.
Ushbu bayonnoma GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi tomonidan oʻzining quyi tashkilotlariga GQI dasturi parametrlarini bajarganligi uchun bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlarni oʻtkazishga asos boʻladi.
26. Bajarilgan GQI dasturlari natijalari boʻyicha toʻlovlar hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan gʻaznachilik boʻlinmalariga belgilangan tartibda topshirilgan shartnomalar va soʻrovnomalar asosida (toʻlov hujjatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchining GQI dasturi parametrlarining bajarilishi yakunlari toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonnomasi nusxasini ilova qilgan holda) amalga oshiriladi.
5-bob. GQI uchun asbob-uskunalar va avtotransport vositalar sotib olishni moliyalashtirish
27. GQI uchun asbob-uskunalar va avtotransport vositalarini sotib olishga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar xarajatlar smetasida alohida satrda belgilanadi. GQI uchun asbob-uskunalar va avtotransport vositalarini sotib olishni moliyalashtirish bir yilga ajratilgan mablagʻlarning umumiy summasi doirasida, GQI dasturida nazarda tutilgan ishlarning fizik hajmlarining bajarilishiga bogʻlanmagan holda amalga oshiriladi.
28. Budjet mablagʻlari hisobidan asbob-uskunalar va avtotransport vositalarini sotib olish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar GQI dasturida nazarda tutilgan roʻyxat doirasida va miqdorlarida GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi gʻaznachilik boʻlinmasiga xarid qilinayotgan asbob-uskuna va avtotransport vositalari roʻyxatini oʻz ichiga olgan ilova nusxasini taqdim etadi. Zarur hollarda moliya yili davomida GQI dasturida nazarda tutilgan sotib olinadigan asbob-uskunalar va avtotransport vositalari roʻyxatiga ajratilgan mablagʻning umumiy summasi doirasida GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchining soʻrovnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
29. GQI dasturida muayyan asbob-uskunalar va avtotransport vositalarini import boʻyicha sotib olish nazarda tutilgan hollarda, ularni GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi oʻzining valyuta mablagʻlari hisobiga sotib olib, keyinchalik ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan budjet mablagʻlari hisobidan uning qiymati ekvivalentini milliy valyutada qoplashiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda, GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchi oʻz mablagʻlari hisobiga sotib olingan asbob-uskunalar va avtotransport vositalari uchun haqiqatda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etishi lozim.
30. Import boʻyicha sotib olingan asbob-uskunalar va avtotransport vositalari qiymatini qoplash GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan (toʻlov hujjatlari va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining xulosasini ilova qilgan holda) talabnomalarni taqdim etish orqali belgilangan tartibda gʻaznachilik boʻlinmalarida amalga oshiriladi.
6-bob. Nazorat va javobgarlik
31. GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar buxgalteriya hisobini yuritishi hamda moliyaviy hisobotlar va GQI boʻyicha hisobotlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etib borishlari shart.
32. GQI dasturini moliyalashtirishdagi budjet mablagʻlarining maqsadli tarzda ishlatilishini nazorat qilish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
33. GQI dasturini moliyalashtirish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning samarali va maqsadli ishlatilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga va Moliya vazirligiga taqdim etiladigan hujjatlar, axborot va hisobotlarning ishonchliligi yuzasidan javobgarlik GQIni bajarish uchun budjetdan mablagʻ oluvchilar zimmasiga yuklatiladi.
7-bob. Yakuniy qoida
34. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi v. b. I. TOʻRAMUROTOV
2015-yil 10-fevral
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi Bosh direktori Q. SANAQULOV
2015-yil 20-fevral
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori A. FARMONOV
2015-yil 18-fevral
Geologiya-qidiruv ishlarining yillik dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“TASDIQLAYMAN” Lavozimi :_____(F.I.O.)______ Tashkilot nomi ______________
“BAJARUVCHI” Lavozimi :_____(F.I.O.)______ Tashkilot nomi ______________
(imzo)
(imzo)
“____” ____________ 20__ yil
“____” ____________ 20__ yil
20__yil “___”__________ uchun 20__yil “___”__________dagi ___-sonli shartnomaga muvofiq bajarilgan geologiya-qidiruv ishlarini (rasshifrovkasiz) qabul qilish 20__yil “___”__________dagi ___-sonli DALOLATNOMA
“Bajarilgan ishlar belgilangan geologik topshiriqqa mos”
Bajarilgan ishlarni qabul qildi:
Bajarilgan ishlarni topshirdi:
Lavozimi:_____(F.I.O.)______ Tashkilot nomi ________________
Lavozimi:_____(F.I.O.)______ Tashkilot nomi _______________
(imzo)
(imzo)
“____” ____________ 20__ yil
“____” ____________ 20__ yil
BUYURTMACHI REKVIZITLARI
BAJARUVCHI REKVIZITLARI
___________________ ___________________
___________________ ___________________
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 13-son, 166-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)