Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent shahrining eski shahar qismida mavzelar bo‘yicha zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurish (1-bosqich) to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2015-yilda Toshkent shahrining eski shahar qismida zamonaviy qulay turarjoy yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2014-yil 20-noyabrdagi PQ-2265-sonli qarorining ijrosini ta’minlash, shuningdek, Toshkent shahrining bosh rejasini amalga oshirish, uning eski shahar qismida zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qulay uy-joylar qurish hamda hududning me’moriy qiyofasini va ijtimoiy-madaniy holatini tubdan yaxshilash va aholi yashashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining:
shaharning eski shahar qismidagi Nurafshon ko‘chasida 5 ta besh qavatli eksperimental uy (keyingi o‘rinlarda “obyekt” deb yuritiladi) qurilishi “Ipoteka bank” ATIB va “O‘zsanoatqurilishbank” OATB tomonidan ajratiladigan kreditlar hisobiga moliyalashtirilishi;
obyektni moliyalashtirish uchun ajratiladigan kredit mablag‘lariga belgilangan tartibda garov sifatida davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. “Ipoteka bank” ATIB va “O‘zsanoatqurilishbank” OATB tomonlaridan bosh pudrat tashkilotlari — “Toshkent uy-joy qurilish” DUK, “Evrostroy Plus” va “Dizayn-Taraqqiyot” XKga obyekt qurilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda obyekt qiymatining 90 foizigacha kredit mablag‘lari ajratish tavsiya etilsin.
Bunda, taqdim etilayotgan kreditlar mazkur obyektlarni barpo etish muddatiga ajratilib hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan yangi quriladigan turar-joy xonadonlariga ko‘chib kiradigan oilalarni aniq shakllangan ro‘yxatini, shuningdek barcha zaruriy hujjatlarni banklarga kiritilgandan so‘ng, uzoq muddatli ipoteka kreditlariga qayta rasmiylashtirishi inobatga olinsin.
3. Bosh loyiha tashkiloti — “ToshuyjoyLITI” AJ bir hafta muddatda obyekt atrofini obodonlashtirilishi va bolalar sport maydonchalari barpo etilishi nazarda tutilgan holda uning loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilishini yakunlasin va davlat ekspertizasi xulosalarini olish uchun buyurtmachiga topshirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazsin hamda bajarilgan loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarining sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
5. Toshkent shahar hokimligi:
ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida obyektning manzilli ro‘yxatini uch kun muddatda tasdiqlasin;
“Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan obyekt qurilishining texnik nazorati olib borilishini, bajarilgan ishlar dalolatnomalari imzolanishini hamda qurilish-montaj ishlarini bajarish jadvaliga rioya etilishini nazorat qilsin.
6. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
garov sifatida foydalaniladigan davlat mulki obyektlarini aniqlashni va balansda saqlovchilarning yuqori turuvchi tashkilotlari bilan kelishishni hamda ularning baholanishini;
aniqlangan ko‘chmas mulk obyektlaridan “Ipoteka bank” ATIB va “O‘zsanoatqurilishbank” OATBning obyekt qurilishini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan kreditlari bo‘yicha garov sifatida belgilangan tartibda foydalanilishini ta’minlasin.
7. Toshkent shahar hokimligi, “O‘zbekenergo” DAK, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zbektelekom” AK va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar obyektning tashqi muhandislik tarmoqlari (elektr, gaz, telefon, suv, oqova tarmoqlari va boshqalar) bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va qurilishini o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AK obyekt qurilishi uchun loyiha tashkiloti va buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha bosh pudratchi tashkilotlariga sement, metall prokati va qurilish oynasi materiallari tartibga solinadigan narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida ajratilishini ta’minlasinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 5-mart,
49-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 10-son, 112-modda)