|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston davlat san’at muzeyi binosini rekonstruksiya qilish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston davlat san’at muzeyi binosining tashqi qismini milliy ruhda, zamonaviy arxitektura dizayniga mos ravishda rekonstruksiya qilish, ekspozitsiya zallarini mukammal ta’mirlash, zarur mo‘tadil ob-havoni ta’minlovchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligining O‘zbekiston davlat san’at muzeyi binosini (keyingi o‘rinlarda inshoot deb ataladi) milliy ruhda rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini bajarish doirasida:
Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasini buyurtmachi etib belgilash;
bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Investitsiya dasturi doirasida tanlov savdolari natijasida tejalgan mablag‘lar hisobidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun mablag‘ ajratilishni nazarda tutsinlar;
belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida inshootni rekonstruksiya qilish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlarini O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi va kelgusi yillardagi Investitsiya dasturiga kiritsinlar.
3. Toshkent shahar hokimligi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi va buyurtmachi bilan birgalikda:
bosh loyihachiga zaruriy ma’lumotlar (hokim qarori, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ining 1-2 qismlari, topos’yomka, obyektning texnik holatini o‘rganish to‘g‘risidagi xulosalari, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan nuqson dalolatnomalari va tasdiqlangan loyiha topshirig‘i)ni taqdim etsin va shartnomani rasmiylashtirsin;
inshootning tashqi qismi va tegishli hududini rekonstruksiya qilish, binoning ichki qismini mukammal ta’mirlash, binoda zarur mo‘tadil ob-havoni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlash va sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, namunali servis xizmatini ko‘rsatish (hunarmandlar shaharchasi, art-kafe, sovg‘alar do‘konlari qurish) uchun mo‘ljallangan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlasin.
4. “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish va bajarilayotgan qurilish-montaj va mukammal ta’mirlash ishlari yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda, loyiha-smeta hujjatlariga ko‘ra, bosh loyihachi tashkilot tomonidan tasdiqlangan hisob-kitoblarga asosan metalloprokat va sementni cheklangan narxlarda, belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlasinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi muzeydagi mavjud moddiy va ma’naviy jihatdan eskirgan, iqtisodiy samarasiz va foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan uskunalarni belgilangan tartibda hisobdan chiqarish ishlarini amalga oshirsin.
7. O‘zbekiston davlat san’at muzeyi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi bilan hamkorlikda milliy merosimiz, qadimiy tariximiz va madaniyatimizni targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga xorijiy sayyohlarni keng jalb etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan birgalikda O‘zbekiston davlat san’at muzeyida muntazam ravishda turli mavzulardagi davra suhbatlari, uchrashuvlar, “Mahorat darslari” kabi ma’naviy tadbirlar, shuningdek maktab dasturiga oid ochiq darslar o‘tkazilishini va ularga o‘quv yurtlari o‘quvchi-talabalarini keng jalb etish choralarini ko‘rsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-sentabrdagi 731-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 38-son, 1040-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda 2018-yilda O‘zbekiston davlat san’at muzeyining 100 yilligini nishonlash hamda uni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarini ishlab chiqsin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 23-dekabr,
359-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 52-son, 623-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda, 38-son, 1040-modda)