Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Garov toʻgʻrisida” va “Ipoteka toʻgʻrisida”gi qonunlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qarorining bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan obyektlarga tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin emas, xususiy mulk hisoblangan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 09/19/846/3881-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda davlat xavfsizligini taʼminlash manfaatlari nuqtai nazaridan garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatini belgilangan tartibda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun asosli zarurat paydo boʻlgan taqdirda Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taklif kiritib borsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-maydagi 270-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 19-son, 345-modda)
4. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 5-dekabr,
335-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 09/19/846/3881-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 50-son, 594-modda; 2017-y., 19-son, 345-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2019-y., 09/19/846/3881-son)