|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.02.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
Yuridik shaxslarning nomlari va ramzlarida davlatning rasmiy nomidan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-fevraldagi 65-sonli “Firma nomlarini berish va ulardan foydalanish tartiblarini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 46-moddasiga, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek yuridik shaxslarning nomlarini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” rasmiy nomlaridan, shuningdek ulardan hosila so‘zlardan quyidagilar o‘z nomlari va ramzlarida foydalanish huquqiga ega:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tashkil etiladigan yoki faoliyatini tashkil etish amalga oshiriladigan yuridik shaxslar, agar ularning nomlari tegishli hujjatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarga tutilgan bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra tashkil etiladigan davlat unitar korxonalari hamda davlat organlari va respublika ahamiyatiga molik tashkilotlar tomonidan tashkil etiladigan davlat muassasalari.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi 907-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son)
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari;
yuridik shaxslar respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan birlashmalari;
respublika nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek nomlarida bosh tashkilotning to‘liq nomi ko‘rsatiladigan ularning alohida bo‘linmalari;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan murojaatlari asosida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar.
Ushbu band talablari davlatning boshqa tillardagi rasmiy nomidan foydalanishga ham tatbiq etiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tumanlar (shaharlar) hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvargacha bo‘lgan muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yagona davlat reyestriga kiritilgan yuridik shaxslarning nomlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirish chora-tadbirlarini ko‘rsinlar;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 542-sonli “Tadbirkorlik subyektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni tashkil etish va tugatishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
yuridik shaxslarni va nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlarini ro‘yxatga olishda ushbu qaror talablariga qat’iy amal qilsinlar.
3. Ro‘yxatga oluvchi organlar rahbarlariga ushbu qaror talablariga so‘zsiz rioya qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Yuridik shaxslarning nomiga davlatning rasmiy nomini, shuningdek undan hosila so‘zlarni qo‘shish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 11-oktabr,
286-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 42-son, 521-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.11.2017-y., 09/17/907/0245-son)