Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
1993 YIL 1 YaNVARIDAN MEHNAT HAQI, NAFAQALAR VA STIPENDIYALARINING MIQDORLARINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublika aholisining ijtimoiy muhofazasini yanada kuchaytirish toʻgʻrisida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish haqi va mehnat nafaqasining eng oz miqdori darajasi 1,25 baravar oshirilsin va ularning eng oz miqdori 25000 soʻm qilib belgilansin.
2. Ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqiga va mehnatiga haq toʻlash borasida joriy qilingan yagona tarif jadvaliga muvofiq budjetdan pul bilan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining tarif stavkalari hamda lavozim stavkalari okladlari 1,25 baravar oshirilsin.
3. Fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 2500 soʻm miqdorida belgilansin.
4. Hozir amalda boʻlgan barcha turdagi nafaqalarning miqdori 25 foiz oshirilsin.
5. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining, texnikumlar hamda kiyim-bosh va ovqat bilan taʼminlanmaydigan hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari 1,25 baravar koʻpaytirilsin. Talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi ish haqini, nafaqalar va stipendiyalarni oshirishga mazkur Farmonda koʻzda tutilgan xarajatlarni pul bilan taʼminlash manbalarini aniqlasin.
7. Xoʻjalik hisobidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar ushbu Farmonda belgilangan eng oz mehnat haqi miqdorini ana shu maqsadlar uchun oʻz mablagʻlari manbaini qidirib topishlariga qarab joriy etsinlar.
8. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, budjetdan pul bilan taʼminlanadigan tashkilotlar va muassasalar mehnatga haq toʻlashning yangi shartlari oʻz vaqtida joriy etilishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki respublika korxonalariga, tashkilotlari va muassasalariga ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlovchi choralar koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 29-dekabr,
PF-522-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 80-modda)