|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.12.1998
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON NEFT VA GAZ SANOATI DAVLAT KONSERNINI NEFT VA GAZ SANOATI (“OʻZBEKNEFTGAZ”) MILLIY KORPORATSIYASIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 11-dekabrdagi PF-2154-son “Oʻzbekneftgaz neft va gaz sanoati Milliy korporatsiyasini “Oʻzbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasiga aylantirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotdi.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida respublika neft, gaz va neftni qayta ishlash sanoati tarmoqlarining samarali ishlashini va yanada rivojlanishini taʼminlash, tarkibiy boʻlinmalarning tashabbusi va mustaqilligini kengaytirish hamda isteʼmolchilarni neft, neft mahsulotlari va gaz bilan puxta taʼminlash maqsadida:
1. “Oʻzbekneftgaz” Oʻzbekiston neft va gaz sanoati davlat konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konsernni Neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasiga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi:
neft, gaz va neft mahsulotlarini qidirib topish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish, neft va gaz sanoati inshootlarini qurish bilan shugʻullanuvchi davlat, davlat-aksionerlik, ijara, jamoa, qoʻshma birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarni, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan boshqa tarmoqlar korxonalari va tashkilotlarini hamda xorijiy yuridik shaxslarni ixtiyoriy asosda birlashtiruvchi xoʻjalik uyushmasidir;
yuridik shaxs boʻlib, oʻz faoliyatini respublikaning amaldagi qonunlari va korporatsiyaning taʼsis yigʻilishida tasdiqlangan Nizom asosida tashkil etadi.
3. Quyidagilar “Oʻzbekneftgaz” milliy korporatsiyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari qilib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi bilan birgalikda neft, neftni qayta ishlash va gaz sanoatini rivojlantirishning strategiyasi va ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish, tabiiy resurslardan va vujudga keltirilgan ishlab chiqarish imkoniyatidan samarali foydalanish;
respublika hududida neft, gaz, gaz kondensati va neft mahsulotlarini qidirib topishga, ularning zaxiralarini koʻpaytirishga, ularni qazib olish, ishlab chiqarish va sotishga, neft, gaz va neftni qayta ishlash sanoati inshootlarini, neft, gaz va mahsulot quvurlari tarmogʻini qurishga oid turkum ishlarni amalga oshirish;
neft, neftni qayta ishlash va gaz sanoatida xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro foydali tashqi iqtisodiy, savdo va ilmiy texnikaviy aloqalarni rivojlantirish hamda chet el sarmoyalarini jalb etish yoʻnalishlarini belgilash;
neft va gaz konlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, xalq xoʻjaligini va respublika aholisini neft, gaz va neftni qayta ishlash mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, shuningdek davlatlararo va hukumatlararo bitimlar asosida ana shu mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga yetkazib berish;
neft, gaz va neft mahsulotlari ichki va jahon bozoridagi vaziyatni oʻrganish, respublikaning yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash sohasidagi siyosatni ishlab chiqishga oid takliflar kiritish;
korporatsiyaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning kooperatsiya va tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish hamda mustahkamlashda koʻmaklashish;
tarmoqda yagona texnikaviy siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish, neft, gaz, neft mahsulotlarini qidirib topish, qazib olish, qayta ishlash, tashish va sotish sohasida boshqa mamlakatlardan mutaxassislarni konkurs asosida jalb etish yoʻli bilan ilmiy tadqiqot, qidiruv va loyiha-konstruktorlik ishlarini yoʻlga qoʻyish;
korxonalarni kengaytirish, rekonstruksiyalash va texnika bilan qayta jihozlashda, tarmoqda ilgʻor texnologiyalarni joriy etishda, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda yordam berish;
neft va gaz konlarini qidirib topish va ulardan foydalanishga doir ishlarni amalga oshirish chogʻida yer osti boyliklari va boshqa tabiiy boyliklar toʻgʻrisidagi qonunlarning talablariga rioya etilishini taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi “Oʻzbekneftgaz” neft va gaz sanoati milliy korporatsiyasining faoliyatini tashkil etishga doir qarorni qabul qilsin.
5. “Oʻzbekiston neft va gaz sanoati davlat konsernini tashkil etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 3-maydagi PF-393-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 23-dekabr,
PF-518-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 76-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 12-son, 228-modda)