|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 164-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oliy taʼlim darajasi va sifatini yanada oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2008-yil 1-avgustdagi 164-son qarorining 4-bandida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 8-son, 40-modda):
a) uchinchi xatboshidagi “2014/2015” raqamlari “2017/2018” raqamlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Belgilansinki, viloyatlar bloklari va taʼlim shakllari boʻyicha bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining normativlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar tashkiliy-metodik va tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar hamda 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni cheklangan normativlarini 1:12,5 nisbatida belgilash uchun respublika oliy taʼlim muassasalarida zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 26-mart,
68-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 13-son, 143-modda)