Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Navroʻz umumxalq bayramini keng nishonlash toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Eng qadimiy va asl milliy qadriyatlarimizdan biri boʻlmish Navroʻz mustaqillik yillarida yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun tom maʼnodagi umumxalq bayramiga aylandi. Navroʻz ruhi va falsafasi odamzotni tabiat bilan uygʻun yashashga, jamiyatimizda mehr-oqibat, doʻstlik va oʻzaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ayniqsa eʼtiborlidir.
Keyingi paytda bu bayramni barcha hudud va mintaqalarimizda, mahalla va mehnat jamoalarida Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-martdagi 128-sonli qarorida belgilangan tartibda, mahalliy iqlim va tabiiy sharoitdan kelib chiqqan holda, katta shodiyona bilan nishonlash yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda.
Bu yilgi Navroʻz bayramini ham har tomonlama yuksak darajada, uyushqoqlik va koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida:
1. Mustaqillik kuni va Navroʻz umumxalq bayramlarini tashkil etish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Respublika komissiyasi (Sh. Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navroʻz bayramini hamda bayram tomoshalarini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy, madaniy-maʼrifiy ishlar dasturini, joylarda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika “Mahalla” jamgʻarmasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda joylarda bayram tadbirlarini xalq sayillari va ommaviy sport oʻyinlari shaklida tashkil etish, ularda aholining keng qatlamlari ishtirok etishini taʼminlash maqsadida turli koʻrik-tanlovlar uyushtirsin;
yoshlar oʻrtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini ochib berishga qaratilgan suhbat va uchrashuvlar, maʼrifiy tadbirlarni tashkil etsin;
bayram tadbirlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va isteʼdodli estrada xonandalarini tanlov asosida jalb etsin;
muhim sanoat inshootlari va ijtimoiy obyektlarni “Navroʻz” umumxalq bayramigacha ishga tushirishni oʻz vaqtida tugallash uchun tegishli tadbirlarni belgilasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2003-yil 13-yanvardagi 15-son qarori talablari asosida Navroʻz umumxalq bayramini oʻtkazish uchun joylarda jamoat tartibini saqlash, yongʻin va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xoʻjaliklar, jamgʻarmalar hisobidan;
Toshkent shahrida respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.
5. Respublika “Mahalla” jamgʻarmasi, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar hamda jamoatchilik vakillarining 2006-yil mart oyida mamlakatimizda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligini hamda 10-11-mart kunlari umumxalq xayriya hasharini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Mahallalarni obodonlashtirish, “Ijtimoiy himoya yili” dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish, xususan, “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylari va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va ularni zarur asbob-uskunalar, inventarlar bilan jihozlashga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida vazirliklar, idoralar hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilot va muassasalar ishchi-xizmatchilarining “Mahalla” xayriya jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari hisob raqamlariga bir kunlik ish haqi miqdorida mablagʻ oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, R. Shreder nomidagi ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasi, Oʻrmonchilik ilmiy-tadqiqot instituti mahallalar hududlarini koʻkalamzorlashtirish va yangi bogʻ-rogʻlar barpo etish uchun zarur boʻlgan manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini tegishli tashkilotlarga buyurtma asosida oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng koʻlamda yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 23-fevral,
PQ-591-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 2-son, 87-modda)