Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.01.2007
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1999-yilgi pilla hosili uchun pilla tayyorlovchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni o‘z vaqtida o‘tkazishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 4-yanvardagi 7-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika pillachilik tarmog‘ini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2006-yil 15-noyabrdagi PQ-512-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1999-yilgi pilla hosilini etishtirishda pilla tayyorlovchilar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni o‘z vaqtida o‘tkazish, ipak mahsulotini respublikadan tashqariga chiqarishni tartibga solish maqsadida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ipakchilik sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 1998-yil 30-martdagi PF-1982-son Farmoni bilan belgilangan asosiy vazifalarga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbek ipagi” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ipak mahsulotini respublikadan tashqariga chiqarish yuzasidan xulosalarni ko‘rib chiqish va berish tartibini o‘n kun muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 77-sonli qarori tahririda)
2. Pilla tayyorlash korxonalarida uzoq vaqt saqlash natijasida pillaning yaroqsizlanishini bartaraf etish va uning qoldiqlari ortiqcha to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, istisno tartibida, “O‘zbek ipagi” uyushmasi korxonalarining joriy yilda tovar-xomashyo birjasi orqali 1600 tonna quruq pillani legitim so‘mlarga, 300 tonna shoyi ipakni fyuchers asosida hamda 800 tonna presslangan pillani sotishiga ruxsat etilsin.
“O‘zbek ipagi” uyushmasi ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarni sotishni:
1999-yilgi mahsulot eksport qilish prognozi va valyuta tushumining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida nazarda tutilgan hajmlarda majburiy sotish bo‘yicha topshiriqlarning bajarilishi ta’minlangan hamda ipak mahsulotini qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalari xomashyo bilan to‘liq ta’minlangan taqdirda;
ularning ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlaydigan narxlar bo‘yicha amalga oshirsin va tushgan mablag‘larni birinchi navbatda pilla etishtiruvchi xo‘jaliklar bilan o‘zaro hisob-kitoblarga yo‘naltirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M. Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 15-may,
246-son