|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.2002
|
O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti
Farmoni
O‘ZBEKISTON SSR YENGIL SANOAT VAZIRLIGI NEGIZIDA O‘ZBEKISTON DAVLAT YENGIL SANOAT MOLLARI IShLAB ChIQARISh UYuShMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 1-iyuldagi PF-3102-sonli “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jumhuriyat yengil sanoat birlashmalari va korxonalarining mustaqilligini kengaytirish, bozor munosabatlari sharoitida ularning ishi hamda “O‘zbekiston SSRdagi korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston SSR Qonunining amal qilish samaradorligini oshirish maqsadida, shuningdek, muassis tashkilotlarning takliflari hisobga olinib:
1. Jumhuriyat Yengil sanoat vazirligi negizida O‘zbekiston Davlat yengil sanoat mollari ishlab chiqarish uyushmasi tuzilib, uning tarkibiga quyidagilar kiritilsin:
to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan “O‘zbekto‘qimachi” O‘zbekiston davlat konserni;
tikuvchilik va trikotaj buyumlari ishlab chiqaradigan “O‘zbekkiyim” O‘zbekiston davlat konserni;
charm-poyabzal sanoati mollarini ishlab chiqaradigan “O‘zbekpoyabzal” O‘zbekiston davlat konserni;
chinni buyumlar ishlab chiqaradigan “O‘zbekiston chinnisi” O‘zbekiston davlat konserni;
yuqorida sanab o‘tilgan konsernlar tuzilmasiga kirmagan va umumtarmoq vazifalarini bajaradigan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar.
2. O‘zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Kabineti (o‘rtoq O‘.K. Ismoilov) Ushbu Farmonni amalga oshirishga doir tashkiliy choralarni ko‘zda tutuvchi tegishli qarorni tayyorlasin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 20-maydagi 139-son “O‘zbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (“O‘zbekyengilsanoat”) masalalari to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 6-may,
PF-202-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 7-son, 128-modda)