|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ITTIFOQ IDORALARINING 1991-YILDA VALYUTA RESURSLARIDAN FOYDALANIShNING ALOHIDA TARTIBINI BELGILOVChI HUJJATLARINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA AMAL QILIShINI TOʻXTATIB QOʻYISh HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi VI sessiyasining qaroriga va “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, shuningdek tashqi bozorda respublikaning manfaatlarini himoya qilishni yanada mustahkamlash maqsadida:
Respublikada ishlab chiqariladigan va umumdavlat ahamiyatiga molik mollar yuzasidan ruxsatnoma berish va ularga soliq miqdorini belgilash masalalarini Ittifoq idoralari ixtiyoriga oʻtkazishni koʻzda tutuvchi SSSR Prezidentining “1991-yilda valyuta resurslaridan foydalanishning alohida tartibi haqida”gi 1990-yil 2-noyabr Farmoni 3, 4 va 6-moddalari hamda 7-moddasining ikkinchi qismi qoidalari;
“1991-yilda valyuta fondlarini tuzish toʻgʻrisida” SSSR Vazirlar Kengashining 1990-yil 8-dekabrdagi 1253-son qarorining 2, 4 va 6-bandlari. Shuningdek SSSR Davlat banki va boshqa Ittifoq idoralarining Ushbu qarorning 10-bandiga muvofiq qabul qilgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilishi toʻxtatib qoʻyilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi (oʻrtoq B.S.Hamidov) bir hafta muddat ichida respublikada valyuta fondlarini tuzish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 6-sentabr,
PF-242-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 12-son, 279-modda)