Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MAHALLIY SANOATNI BOShQARIShNI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mahalliy sanoatni boshqarishni yanada takomillashtirish, xususiylashtirishni chuqurlashtirish va raqobatchilik muhitini vujudga keltirish, bozorning xalq isteʼmol mollari bilan toʻldirilishi uchun mahalliy hokimiyat organlarining masʼuliyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, “Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlarining:
“Mahalliy sanoat” Davlat korporatsiyasini tugatish;
mavjud “Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlari negizida respublika (Qoraqalpogʻiston Respublikasi), viloyatlar va Toshkent shahar “Mahalliy sanoat” ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari:
“Mahalliy sanoat” hududiy sanoat-savdo konsernlarining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi hamda ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari shaklida taʼsis etiladi;
oʻz faoliyatida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hisob beradilar;
oʻz faoliyatini qatnashchilarning umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadigan hududiy kompaniya Ustaviga muvofiq amalga oshiradilar.
3. “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalari zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
kompaniya tarkibiga kirgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish va marketing faoliyati, moddiy-xomashyo resurslarini sotib olish, ishlab chiqariladigan mahsulotni eksport qilish, korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiyalash, shu jumladan xorijiy sarmoyani jalb etish asosida qaytadan jihozlash hamda rekonstruksiyalash masalalarida ularga yordam koʻrsatish;
xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishda mahalliy xomashyo va ikkilamchi resurslardan juda toʻliq foydalanish uchun shart-sharoitlarni taʼminlash;
tegishli mintaqalar hududida, birinchi navbatda qishloq joylarda aholining ish bilan bandligini kengaytirish uchun kichik va oʻrta korxonalarni barpo qilish hamda rivojlantirish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Mahalliy sanoat” hududiy kompaniyalari zimmasiga yuklangan vazifalarni hal qilishda ularga butun choralar bilan yordam bersinlar.
4. “Mahalliy sanoat” hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyalariga mahalliy sanoat korxonalarini tiklash va rivojlantirish Fondlarini tashkil qilishga ruxsat berilsin va quyidagilar ularning faoliyatidagi asosiy vazifalar sifatida belgilab qoʻyilsin:
kompaniya korxonalarini texnika bilan qayta jihozlash va rekonstruksiyalashni moliyalash;
ish joylarini vujudga keltirish hamda mahalliy xomashyo resurslaridan va ishlab chiqarish chiqitlaridan toʻliqroq foydalanish maqsadida qishloq joylarda yangi korxonalar barpo etish va rivojlantirishni moliyalash;
mahalliy sanoat korxonalariga xizmat koʻrsatuvchi infrastrukturani rivojlantirish.
Quyidagilar mahalliy sanoat korxonalarini tiklash va rivojlantirish Fondlarining mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
hududiy ishlab chiqarish-savdo aksionerlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi aksionerlik jamiyatlarining davlat aksiyalari paketlari boʻyicha dividendlarning 50 foizi;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlarning hokimiyatlar tomonidan belgilangan tartibda yoʻnaltiriladigan qismi;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, hududiy ishlab chiqarish — savdo aksionerlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning korxona balans foydasining ikki foiziga qadar miqdordagi erkin foydasi qoldiqlari hisobidan ajratmalari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 3-sentabrdagi PF-469-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan bir hafta muddatda qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-avgust,
PF-1828-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 8-son, 201-modda)