Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.08.1992
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOJXONA KOMITETINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 10-avgustdagi PF-451-son “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 118-4-moddasining 2, 4-bandlariga va “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” gi Qonunga, iqtisodiy hamjamiyat to‘g‘risida 1991-yil 18-oktabrdagi shartnomaga muvofiq, shuningdek respublikalarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, bojxona xizmati faoliyati hamda tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Respublika hududida faoliyat ko‘rsatayotgan bojxona muassasalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadigan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona komiteti tashkil etilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddat ichida respublikada bojxona xizmatini tashkil etish va uning faoliyati bo‘yicha tegishli qaror tayyorlasin va qabul qilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Bojxona to‘g‘risidagi Qonuni qabul qilgungacha SSSR qonunining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lmagan qismiga amal qilinadi.
3. Belgilab qo‘yilsinki, bojxona boji va bojxona faoliyatidan olinadigan boshqa daromadlar O‘zbekiston Respublikasi budjeti daromadiga tushadi.
4. Ushbu Farmon imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 25-oktabr,
PF-284-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 12-son, 287-modda)