|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.10.2012
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Axborot tizimlari sohasini qayta tashkil etish va boshqarishni takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-oktabrdagi PF-4475-sonli “Axborot tizimlari sohasini qayta tashkil etish va boshqarishni takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Pochta aloqasini, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni boshqarishni yanada takomillashtirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish va shu sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi tugatilsin hamda uning negizida Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi tashkil qilinsin.
2. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklatilsin:
mahalliy, shaharlararo, xalqaro telefon-telegraf va pochta aloqasini, radioaloqa, radioeshittirish va televideniye tarmoqlarini vujudga keltirish, ularning faoliyati va xizmatlar koʻrsatish sohasidagi siyosatni ishlab chiqib, amalga oshirish;
pochta aloqasi va telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni yoʻnaltirish hamda boshqarishni takomillashtirish, marketing tadqiqotlari va monitoringni tashkil qilish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish, bu sohada raqobat muhitini yaratish va rivojlantirish;
telekommunikatsiya tizimlari hamda texnologiyalarini rivojlantirish va takomillashtirishga xorijiy sarmoyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltirish;
telekommunikatsiya texnologiyalarini yaratish, joriy etish va foydalanish boʻyicha yagona shartlar hamda talablarni tasdiqlash, shuningdek mazkur shartlar va talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish;
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, milliy telekommunikatsiya tarmogʻi faoliyatining axborot sohasidagi xavfsizligini taʼminlash.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi xamda umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya va pochta tarmoqlarining ishlashini taʼminlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning “Oʻzbekiston pochtasi” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 28-iyundagi PF-2647-sonli Farmoni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 184-modda)
4. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi huzurida pochta va telekommunikatsiyalarni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlovchi budjetdan tashqari Jamgʻarma tashkil qilinib, quyidagilar shu Jamgʻarma faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari sifatida belgilab qoʻyilsin:
pochta aloqasi hamda telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish, texnika bilan qayta qurollantirish va qaytadan tiklash sohasidagi ustuvor hamda ijtimoiy jihatdan ahamiyatli loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalash;
mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirishni moliyalashda qatnashish;
Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi mahkamasining faoliyatini, shuningdek uning tizimiga kiruvchi mustaqil daromad manbalariga ega boʻlmagan telekommunikatsiya tizimlarini tartibga soluvchi, boshqaruvchi va nazorat qiluvchi davlat organlarining faoliyatini moliyalash.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 24-yanvardagi PF-3557-sonli Farmoniga asosan chiqarib tashlangan — OʻR QHT, 2005-y., 3-4-son, 22-modda)
5. Shu narsa belgilansinki, Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi tomonidan amaldagi qonunlarga muvofiq oʻz vakolati doirasida chiqariladigan normativ hujjatlar telekommunikatsiya va pochta aloqasi xizmati koʻrsatuvchi yoki ulardan foydalanuvchi, shuningdek mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar telekommunikatsiya va pochta tizimlari hamda inshootlarini loyihalash va qurish ishlarini amalga oshiruvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etish uchun majburiydir.
6. “Oʻzbekiston pochtasi” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi davlat korxonalari va aksiyadorlik jamiyatlari 1998-yilning 1-yanvaridan boshlab asosiy faoliyat boʻyicha foydadan soliq toʻlashdan 2 yil muddatga ozod qilinsin, bunda boʻshab qolgan mablagʻlar ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirilishi shart.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddat ichida Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil qilish masalalari boʻyicha qaror tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 23-iyul,
PF-1823-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y.,8-son, 196-modda; 2000-y., 5-6-son, 184-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 3-4-son, 22-modda)