|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.12.1997
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SAVDO VAZIRLIGINI OʻZBEKISTON DAVLAT AKSIONERLIK “SAVDO” (“OʻZBEKSAVDO”) UYuShMASIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 19-dekabrdagi PF-1897-son “Savdo sohasida monopoliyadan chiqarishni chuqurlashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholiga savdo xizmatini tashkil qilishni tubdan yaxshilash, respublika isteʼmol bozorini xalq isteʼmoli mollari bilan toʻldirish, savdo sohasida bozor munosabatlarini keng joriy qilish, barcha mulkchilik shaklidagi savdo korxonalari bilan tashkilotlarning tashabbuskorligi va tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Savdo vazirligi Oʻzbekiston Davlat aksionerlik “Savdo” (“Oʻzbeksavdo”) uyushmasiga aylantirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbeksavdo” yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan faoliyatini toʻla xoʻjalik hisobi va oʻzini-oʻzi boshqarish qoidalari asosida amalga oshiradigan, savdo sohasidagi davlat, ijara, jamoa, oilaviy, xususiy hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarni shartnoma asosida birlashtiradigan xoʻjalik uyushmasidir.
2. Viloyatlar savdo va umumiy ovqatlanish boshqarmalarining, Toshkent shahar hokimiyati savdo, umumiy ovqatlanish Bosh boshqarmalarining negizida hududiy savdo-ishlab chiqarish konsernlari tashkil qilinsin.
Shu narsa belgilab qoʻyilsinki, hududiy savdo-ishlab chiqarish konsernlari oʻz faoliyatida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga hisobot beradilar hamda “Oʻzbeksavdo” uyushmasining muassislari huquqi bilan uning tarkibiga kiradilar.
Oʻzbekiston davlat aksionerlik “Savdo” uyushmasi bir oy muddat ichida hududiy savdo-ishlab chiqarish konserni toʻgʻrisidagi namunali nizomni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq respublika davlat ulgurji savdo idoralari va ulgurji-chakana savdo birlashmalarini, viloyatlardagi ulgurji bazalarni, savdo boshqarmalarini, umumiy ovqatlanish trestlarini xamda boshqa katta savdo korxonalari va tashkilotlarini aksionerlik jamiyatlari va birlashmalariga aylantirish maqsadga muvofiq deb topilsin.
4. Oʻzbekiston davlat aksionerlik “Savdo” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligining huquqiy vorisi deb hisoblansin hamda quyidagilar uning asosiy vazifalari va faoliyatining yoʻnalishlari etib belgilansin:
isteʼmol bozoridagi holatning oʻzgarishlarini hisobga olib aholining tovarlarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish va uning istiqbolini aniqlash, bozor munosabatlariga doir tadqiqotlarni oʻtkazish, xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarishga faol taʼsir koʻrsatish va shu asosida aholi manfaatlarini himoya qilish hamda savdo xizmati darajasini yuksaltirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
savdo sohasida bozor munosabatlarini rivojlantirish, savdo uylaridagi tijorat-vositachilik va chet el valyutasi bilan savdo qilinadigan doʻkonlar tarmogʻini barpo etishda, xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqaradigan korxonalar bilan oʻzaro manfaatli bevosita xoʻjalik aloqalarini oʻrnatishda koʻmaklashishi, tovarlarning ulgurji savdosi boʻyicha respublika va viloyatlar yarmarkalarini oʻtkazish, tovar birjalari bilan hamkorlikni taʼminlash;
savdo aksionerlik birlashmalari hamda jamiyatlarining hududiy savdo ishlab chiqarish konsernlarining, barcha mulkchilik shaklidagi boshqa savdo korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini, shuningdek savdo tarmoqlariga ega boʻlgan vazirliklar, idoralar, uyushmalar, jamiyatlar va konsernlar savdo sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
tarmoqda yagona texnikaviy siyosatni oʻtkazish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tarmoqlarini qayta qurish hamda texnika bilan qayta qurollantirishga koʻmaklashish zamonaviy savdo texnologiya uskunalarini tovarlarni saqlash va sotishning ilgʻor texnologiyasini joriy etish, savdo tashkil qilish va savdo texnikasi sohasida Vatanimizdagi hamda chet ellardagi tajribani oʻrganish va ommalashtirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida Oʻzbekiston davlat aksionerlik “Savdo” uyushmasining faoliyatini tashkil etish masalalari yuzasidan qaror qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 5-may,
PF-398-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 7-son, 268-modda)