Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keyingi vaqtlarda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazishda mamlakatimizning koʻp joylarida shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish, el-yurt odatlari va anʼanalarini mensimaslik, oʻzini koʻz-koʻz qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik kabi eskidan qolgan asoratlarga yoʻl qoʻyilmokda.
Bunday xunuk odatlarga berilgan davlat xizmatidagi baʼzi oʻzini yoʻqotgan, lavozimini suiisteʼmol qilayotgan rahbarlar, oyogʻi yerdan uzilgan, manmanlikka berilib ketgan havoyi mansabdorlarning nomaqbul harakatlari mahallalarda, istiqomat joylarida sogʻlom muhit buzilishiga sabab boʻlmoqda, oddiy odamlarning nafsoniyatlariga tegmoqda, ularni adolatga, umuman davlat hokimiyatiga ishonchiga ziyon yetkazmoqda.
Oʻtganlarning xotirasiga bagʻishlangan maʼrakalarni ham oʻtaketgan dabdabali ravishda oʻtkazishlar ota-bobolarimizdan qolgan milliy rasm-rusumlarimizga putur yetkazish, muqaddas anʼanalarimizni obroʻsizlantirishga olib kelmoqda.
Mazkur intilishlarning nosogʻlom musobaqaga aylanib ketish hollari dabdabali toʻy-hashamlarni oʻtkazishga qurbi yetmagan or-nomusli kishilarni ogʻir ahvolga tushirmoqda.
Eng achinarli tomoni shuki, bunday soxta xoʻjakoʻrsinlik odatlari yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, keng jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Ular bu kabi nomaqbul anʼanalar va odatlarga aylanib borayotgan holatlarga chek qoʻyish haqidagi talablarini bildirmoqdalar. Oʻzlarining ehtiyojlaridan ortiq mablagʻlarini xalqimizning azaliy odatlariga amal qilib, xayr-ehson, mehr-muruvvat koʻrsatish, muhtojlarga, beva-bechoralarga yordam berish, turar joylarini obod qilish, yoʻllar, koʻpriklar qurish, ishlab chiqarishga sarf qilish — shunday oliyjanob saʼy-harakatlar orqali el-yurt oldida oʻzlariga haqiqiy obroʻ orttirish yuzasidan takliflar va maslahatlar bermoqdalar.
Yuqoridagilarni nazarda tutib:
1. Respublika “Mahalla” xayriya jamgʻarmasiga:
a) Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, mahalliy hokimliklar, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xalqimiz tabiatiga yot bunday xunuk holatlarga zarba berish, oldini olish, chek qoʻyish chora-tadbirlarini ishlab chiqish tavsiya etilsin;
b) Muqaddas dinimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimizning haqiqiy mohiyatini hayotiy, taʼsirchan misollar asosida keng xalq ommasiga muntazam yetkazish qatʼiy yoʻlga qoʻyilsin;
v) Jamoatchilik kengashlari bilan hamkorlikda zamon talablariga mos, xalqimizning qarashlariga muvofiq keladigan yangi, namunaviy anʼanalarni tashkil qilish va joriy etish topshirilsin.
2. Ommaviy axborot vositalari mazkur Farmonda koʻtarilgan masalalarning asl mohiyatini, namunaviy anʼanalarni keng targʻib qilsin, milliy qadriyatlarimizga zid, taraqqiyotimizga toʻsqinlik qilayotgan illatlarga qarshi jamoatchilik fikrini shakllantirishga alohida eʼtibor bersin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi davlat tashkilotlari, maʼmuriy-huquqiy idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlari, mansabdor shaxslar tomonidan yuqorida koʻrsatilgan nomaʼqulchiliklarga yoʻl qoʻyilgan holatlarni amaldagi qonunchilik asosida chuqur oʻrganib, tegishli xulosalar chiqarsin va zarur choralar koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 28-oktabr,
PF-2100-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 203-modda)