Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.09.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TERRORChI GURUHLAR TARKIBIGA ADAShIB KIRIB QOLGAN O‘ZBEKISTON FUQAROLARINI JINOIY JAVOBGARLIKDAN OZOD ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentabrdagi PF-5542-sonli “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar hududidagi terrorchi guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, og‘ir jinoyatlar sodir etmagan, Vataniga, ota-onasi bag‘riga qaytib, tinch hayot kechirishni niyat qilgan shaxslarga yana bir bor imkoniyat berish, ularning behuda qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hamda gumanistik tuyg‘u va intilishlardan kelib chiqqan holda:
1. Turli xil ekstremistik oqimlar ta’sirida chet ellarga ketib, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolgan, qo‘li qonga botmagan, o‘z qilmishidan nadomat chekib, pushaymon bo‘lib bosh egib kelgan shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod etilsin.
2. Ushbu Farmon mazkur shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun huquqiy asos bo‘lishi belgilab qo‘yilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib, terrorchilik, bosqinchilik bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olish, xalqimizning tinch hayotini ta’minlash maqsadida o‘z faoliyatini yanada kuchaytirsin. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, mahalliy hokimiyatlar, mahalla faollari hushyorlik va ogohlikni oshirish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishga jiddiy e’tibor qaratsin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi M. Rahmonqulov va Prezidentning Davlat maslahatchisi O‘. Komilov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 6-sentabr,
PF-2712-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 9-10-son, 268-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)