Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.05.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON XORIJIY MAMLAKATLAR BILAN DOʻSTLIK VA MADANIY-MAʼRIFIY ALOQALAR JAMIYATLARI KENGAShINI QULLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PF-5046-sonli “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston jamoatchiligining xalqaro va xorijiy mamlakatlarning nohukumat tashkilotlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, axborot almashinuvini kengaytirish va xalq diplomatiyasini faollashtirish maqsadida:
1. Respublikadagi qator jamoat tashkilotlarining Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashini tuzish toʻgʻrisidagi tashabbusi maʼqullansin.
2. Kengashning Ustavi belgilangan tartibda Adliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilgani va ushbu Kengash oʻzini oʻzi mustaqil boshqaruvchi, mablagʻ bilan taʼminlovchi hamda oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshiruvchi nohukumat birlashmasi ekanligi inobatga olinsin.
3. Quyidagi vazifalar Kengash faoliyatining asosiy yoʻnalishlari deb belgilanganligi eʼtiborga olinsin:
xorijiy mamlakatlar xalqlari va chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirish, doʻstlikni mustahkamlash masalalarida oʻzaro foydali hamkorlik va xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish asosida doʻstlik jamiyatlari va fuqarolarning boshqa jamoat birlashmalari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek chet el jamoatchiligini Oʻzbekiston xalqi tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga koʻmaklashish;
xorijiy mamlakatlar jamoatchiligida Oʻzbekiston Respublikasi haqida mustaqil demokratik davlat, madaniy, ilmiy va gumanitar aloqalarda munosib faol sherik sifatida tasavvur hosil boʻlishiga yordam berish;
BMT, YUNESKO va boshqa xalqaro hamda xorijiy mamlakatlar tashkilotlari yoʻli bilan madaniy-maʼrifiy aloqalar masalalari boʻyicha munosabatlarni rivojlantirish.
4. Kengashning maqsad va vazifalari keng qoʻllab-quvvatlashga loyiq ekanligini va demokratik oʻzgarishlar ruhiga mos kelishini eʼtiborga olib, vazirliklar, idoralar, hududiy organlar Kengash faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda har tomonlama yordam koʻrsatsinlar.
5. Kengash, uning huzuridagi ishlab chiqarish va tadbirkorlik tuzilmalari 2000-yilga qadar Ustav vazifalarini amalga oshirish boʻyicha barcha turdagi soliqlardan ozod qilinsin.
Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari kengashiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 10 million soʻm ajratilsin.
6. Kengash Kotibiyati Oʻzbekiston koʻchasi, 49a-uyga joylashtirilsin, lozim boʻlgan xonalar uning tasarrufiga bepul oʻtkazib berilsin.
7. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki Kengashni tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatga olsin, milliy va xorijiy valyutalarda pul muomalalarini amalga oshirishi uchun tegishli hisob raqamlarini ochsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-may,
PF-1785-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 166-modda)