|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Davlat budjetiga soliqlar va toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berishni tartibga solish toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soliq imtiyozlari aniq berilishini taʼminlash, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan budjetning daromad bazasini shakllantirishning yagona tamoyillarini belgilash maqsadida:
1. Xayriya hamda boshqa jamgʻarmalar va jamiyatlarga, shuningdek ular tomonidan tashkil qilingan korxonalar va boshqa shuʼba tuzilmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar 1999-yilning 1-sentabridan boshlab ular amalga oshiradigan notijorat faoliyatigagina joriy etilishi belgilab qoʻyilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PF-4087-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 105-modda)
Tijorat faoliyatining ayrim turlariga soliq solish boʻyicha amaldagi qonunchilikda koʻzda tutilgan imtiyozlar mazkur jamgʻarmalar, jamiyatlar, korxonalar va tuzilmalarga umumiy asoslarda tatbiq etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Hukumat qarorlariga tegishli oʻzgartishlar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari mazkur Farmonga muvofiq holga keltirilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 26-iyul,
PF-2343-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 7-son, 171-modda; 2009-y., 10-11-son, 105-modda)