Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.09.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘zKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyati faoliyatining tashkiliy masalalari to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Royal Bank of Scotland O’zbekiston MV” yopiq aksiyadorlik jamiyatidagi “Royal Bank of Scotland N.V” (Niderlandiya)ning ulushi Koreya taraqqiyot banki (Koreya Respublikasi) tomonidan sotib olinganligi munosabati bilan, shuningdek Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Royal Bank of Scotland O’zbekiston MV” va “O‘zKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyatlari aksiyadorlarining umumiy majlislarida:
“Royal Bank of Scotland O’zbekiston MV” yopiq aksiyadorlik jamiyatini “O‘zKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish shaklida qayta tashkil etish to‘g‘risida;
“O‘zKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyatini “KDB Bank O‘zbekiston” yopiq aksiyadorlik jamiyati deb qayta nomlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga birlashtirish va qayta nomlash bilan bog‘liq tashkiliy-tartibot masalalarini hal etishda “KDB Bank O‘zbekiston” yopiq aksiyadorlik jamiyatiga ko‘maklashish tavsiya etilsin.
3. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zKDB Bank” yopiq aksiyadorlik jamiyati faoliyatining ayrim tashkiliy masalalari to‘g‘risida” 2006-yil 5-maydagi 76-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “ABN AMRO Bank O‘zbekiston MB, H.J.” aksionerlik bankini “Royal Bank of Scotland O’zbekiston MB” YoAJ deb qayta nomlash to‘g‘risida” 2008-yil 13-noyabrdagi 246-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 13-mart,
73-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 11-son, 145-modda)