|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SANITARIYA QONUNLARINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIKNI KUChAYTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat sanitariya nazorati tizimi faoliyatining roli va samaradorligini oshirish, yuqumli kasalliklar ko‘payishining oldini olish, respublika aholi yashash joylarining sanitariya-epidemiologiya holati uchun shaharlar va tumanlar hokimlari, korxonalar, muassasalar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari va fuqarolarning huquqiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilansinki, tumanlar va shaharlardagi aholi yashash joylarining sanitariya-epidemiologiya vaziyati uchun kommunal va sanitariya xizmatlari rahbarlari bilan birgalikda hokimlar shaxsan javob beradilar.
2. Sanitariya nazorati organlarining “Davlat sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hududlarning sanitariya muhofazasi va kasalliklarning oldini olishga doir amalga oshiriladigan faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida ushbu organlarga har qanday ta’sir ko‘rsatish qat’iy taqiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi jarimalar qonun hujjatlari bilan belgilangan muddatlarda to‘lanmagan hollarda davlat sanitariya nazorati organlarining qarorlari bajarilishini ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
sanitariya qonunchiligi va epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzilganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilash;
qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiquvchi qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri aholi yashash joylarining sanitariya-epidemiologiya holatini yaxshilash, yuqumli kasalliklar bilan kasallanishning oldini olish, sanitariya qonunlari talablari bajarilishi uchun mahalliy hokimiyat organlari, kommunal xizmat va sanitariya nazorati organlarining javobgarligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
7. O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining faoliyati to‘g‘risida maxsus teleko‘rsatuvlar va ruknlar joriy etsin.
8. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Epidemiyaga qarshi kurash respublika favqulodda komissiyasi raisi I. H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-mart,
PF-1933-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 42-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)