Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XALQARO “KURASh” ASSOTSIATSIYASINI QOʻLLAB-QUVVATLASh TOʻGʻRISIDA
Milliy qadriyatlarni, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan oʻzbek kurashi dunyo sport olamida yangi sport turi sifatida tan olinganligi munosabati bilan Xalqaro “Kurash” Assotsiatsiyasining jahon miqyosidagi mavqeyini yanada mustahkamlash, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4881-son qarori.
1. Jahonning 28 mamlakati vakillarining tashabbusi va bevosita ishtirokida Xalqaro “Kurash” Assotsiatsiyasi tashkil etilganligi eʼtirof etilsin.
Kurash boʻyicha milliy va qitʼa federatsiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish, vakolatxonalar ishini yoʻlga qoʻyish, qitʼa va jahon birinchiliklarini tashkil etish hamda oʻtkazish, oʻzbek kurashini Olimpiya oʻyinlari qatoriga kiritish Assotsiatsiyaning asosiy vazifasi etib belgilanganligi eʼtiborga olinsin.
2. Toshkent shahar hokimligi ikki oy muddatda Xalqaro “Qurash” Assotsiatsiyasi Bosh qarorgohini joylashtirish uchun alohida bino ajratib uni Assotsiatsiya balansiga oʻtkazsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Xalqaro “Kurash” Assotsiatsiyasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan uning hisob raqamiga 10 (oʻn) million soʻm miqdorida mablagʻ oʻtkazsin.
4. Xalqaro “Kurash” Assotsiatsiyasi va uning Oʻzbekiston hududidagi boʻlimlari va korxonalari davlat budjetiga toʻlanadigan hamma turdagi soliqlardan, bojxona toʻlovlaridan 5 yil muddatga ozod etilsin.
Imtiyozli soliq olinishi munosabati bilan boʻshaydigan mablagʻlardan kurash sport turini rivojlantirish xamda Assotsiatsiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga foydalanish belgilab qoʻyilsin.
Kurashni rivojlantirish homiylarining foydadan toʻlaydigan soliq bazasi ularning Assotsiatsiya hisobiga oʻtkazadigan mablagʻlari miqdoriga muvofiq ravishda qisqartirilsin.
5. Oʻzbek kurashini, uning xalqaro anʼanalarini, yutuqlarini keng targʻib qilish maqsadida “Kurash” oylik adabiy-badiiy, ijtimoiy-publitsistik, axborot-reklama jurnali taʼsis etilsin.
6. Ommaviy axborot vositalariga Assotsiatsiya faoliyati bilan bogʻliq barcha tadbirlarni keng jamoatchilikka yetkazish va xalqaro miqyosda targʻib qilish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 1-fevral,
PF-2211-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 2-son, 49-modda)