|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTONDA OLIMPIYA HARAKATINI YaNADA RIVOJLANTIRISh VA MAMLAKAT SPORTChILARINI SIDNEY ShAHRI (AVSTRALIYA)DAGI XXVII OLIMPIYA OʻYINLARIGA TAYYORLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatda olimpiya harakatini yanada rivojlantirish va Oʻzbekiston sportchilarining Sidney shahri (Avstraliya)dagi XXVII Olimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishlarini ragʻbatlantirish maqsadida, shuningdek Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini mustahkamlashda, yosh avlodni milliy gʻurur va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek sportchilari erishgan yutuqlarning gʻoyat katta ahamiyatini eʼtiborga olib:
1. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan barcha tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy vakili deb hisoblansin.
2. XXVII Olimpiya oʻyinlarida sovrindor boʻlgan Oʻzbekiston sportchilarini ragʻbatlantirish, Vatanimizning sportdagi shon-shuhratini koʻpaytirishga ular qoʻshgan munosib hissani eʼtirof etish maqsadida quyidagi miqdorlarda bir yoʻla beriladigan mukofotlar belgilansin:
oltin medal uchun — 100 000 AQSh dollari,
kumush medal uchun — 50 000 AQSh dollari,
bronza medali uchun — 25 000 AQSh dollari.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan birga yuqorida koʻrsatilgan pul mukofotlarini toʻlash tartibi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi XXVII Olimpiya oʻyinlariga bagʻishlangan lotereyani oʻtkazishdan olingan daromad (foyda) soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin, bunda tushgan mablagʻlar XXVII Olimpiya oʻyinlariga Oʻzbekistonning sport delegatsiyasini tayyorlash hamda ishtirok etishiga maqsadli yoʻnaltirilishi shart;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston sportchilarini XXVII Olimpiya oʻyinlarida qatnashishga tayyorlash hamda ishtirok etishlariga yoʻnaltirilgan homiylik mablagʻlari tegishli ravishda daromad (foyda) soligʻi yoki jismoniy shaxslarning daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin;
Oʻzbekiston sport delegatsiyasini XXVII Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash hamda ishtirok etishini taʼminlash uchun aniq maqsadni koʻzlab respublikaga olib kelinayotgan maxsus sport uskunalari va anjomlari, sport liboslari bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilinsin (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yigʻimlar bundan mustasno).
4. Vazirlar Mahkamasining isteʼmol mollari ishlab chiqarish va savdo kompleksi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining buyurtmasi boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida oʻzbek sportining munosib namoyandalari boʻlmish Oʻzbekiston sport delegatsiyasining aʼzolari uchun maxsus sport kiyimi tayyorlab berilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sport qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi XXVII Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik davrida olimpiya terma jamoalariga respublikaning barcha sport bazalarida, ular qaysi idoraga qarashli boʻlishidan qatʼi nazar, ijara haqi toʻlamasdan oʻquv-mashq mashgʻulotlarini oʻtkazish huquqi berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi, “Oʻzbekkino” davlat-aksionerlik kompaniyasi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi XXVII Olimpiya oʻyinlarida respublikaning madaniyat va sport sohasidagi yutuqlarini targʻib qilish uchun matbaa va kino-video mahsulotlari tayyorlashni, shuningdek Oʻzbekiston terma jamoalarining Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarligi hamda ishtirokini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda ushbu Farmonni bajarish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 268-sonli qarori.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 7-iyun,
PF-2618-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 178-modda)