|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SOLIQLARNING RAGʻBATLANTIRUVChI AHAMIYATINI KUChAYTIRIShNING ASOSIY YOʻNALIShLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yilgi davlat budjetini shakllantirish chogʻida quyidagilar soliq tizimini isloh qilishning eng muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin:
yuridik shaxslardan olinadigan soliq miqdorini kamaytirish;
mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmlarini koʻpaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini va investitsiya faolligini kengaytirishga, mablagʻlar aylanishini jadallashtirishga va foydani oshirishga soliqlarning ragʻbatlantiruvchi taʼsirini kuchaytirish;
tabiiy resurslar va mol-mulkdan olinadigan soliqlar ulushini oshirish hisobiga daromadlar tarkibini takomillashtirish resurs hamda ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish samaradorligiga ularning taʼsirini kuchaytirish;
mahalliy budjetlarning daromad negizini mustahkamlash hamda respublika va mahalliy budjetlar oʻrtasida soliqlarni chegaralab qoʻyish hisobiga respublikaning davlat budjetida mahalliy budjetlarning salmogʻini jiddiy ravishda oshirish;
soliq solish mexanizmini mumkin qadar soddalashtirish va soliq tizimining barqarorligini taʼminlash.
2. Soliq tizimini takomillashtirishning mazkur yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarishni taʼminlash uchun 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab:
2.1. Qoʻshimcha qiymat soligʻining miqdori 20 foizdan 18 foizgacha pasaytirilsin.
2.2. Korxonalarning daromad soligʻi oʻrniga foydadan olinadigan soliq joriy etilib, uning eng yuqori miqdori 38 foiz qilib belgilansin.
2.3. Dehqon (fermer) xoʻjaliklari, xususiy korxonalar, savdo korxonalari, xorijiy investitsiyalarga asoslangan korxonalar uchun amaldagi daromad soligʻi tartibi va soliq imtiyozlari saqlab qolinsin.
3. Foydadan soliq undirib olish chogʻida:
3.1. Mahsulot ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmi oʻsishining har bir foizi uchun belgilangan soliq miqdoriga nisbatan 0,3 foizli punkt miqdorida pasaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilsin:
3.2. Balans foydasining 30 foizdan 50 foizgacha qismidan ishlab chiqarishni rivojlantirishda, uni qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirishda foydalanilgan taqdirda 5 foizli punkt miqdorida, balans foydasining 50 foizdan koʻproq qismidan shu maqsadlarda foydalanilgan takdirda esa 10 foizli punkt mikdorida pasaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilsin;
3.3. Yangi barpo etilgan korxonalar uchun soliqdan ozod qilish, shuningdek imtiyozlar berishning amaldagi tartibi saqlab qolinsin;
3.4. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxona va tashkilotlar foydadan uy-joy va ijtimoiy-madaniy qurilishga sarflayotgan mablagʻlarning 50 foizi soliq toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Monopoliyachi korxonalar uchun belgilangan rentabellik darajasi oshirilishining har bir foiziga foydadan olinadigan belgilangan soliq miqdoriga nisbatan 0,5 foizli punkt miqdorida oshiriluvchi koeffitsiyent joriy etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 24-fevraldagi PF-1083-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 70-modda)
6. Quyidagi soliq turlari bekor qilinsin:
6.1. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketiladigan xomashyo resurslari va mahsulotdan olinadigan soliq.
6.2. Fuqarolardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisidagi qonunni jamoa xoʻjaliklarining aʼzolariga nisbatan joriy etib, ularning mehnat haqi fondidan olinadigan soliq;
6.3. Oʻrmon xoʻjaligidan tushadigan daromadni olib qoʻyish,
7. Belgilab qoʻyilsinki, amortizatsiya ajratmalarining jami hajmi korxonalarning tasarrufida qoladi.
8. Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 1995-yilgi asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlash huquqi berilsin, bunda quyidagilar koʻzda tutilsin:
tabiiy resurslardan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida ulardan olinadigan soliqlarning yangi stavkalarini belgilash;
soliq sohasidagi imtiyozlarni tartibga solish;
daromadlarni mahalliy budjetlar foydasiga qaytadan taqsimlash va hududlarning rivojlanish darajasiga qarab umumdavlat soliqlaridan ajratmalarning tabaqalashtirilgan meʼyorlarini belgilash;
soliq toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlik uchun jarima toʻlash choralarini qoʻllanish tartibiga oʻzgartishlar kiritish.
9. 1994-yil 31-oktabrdagi 977-son Farmonning 3-bandi 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 30-noyabr,
PF-1014-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 305-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 70-modda)