|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.02.2025
|
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“YER OSTI BOYLIKLARI TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 26 VA 27-MODDALARIGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2011-yil 1-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2011-yil 5-dekabrda ma’qullangan
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 31-oktabrdagi O‘RQ-987-sonli “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2025-yil 2-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi 2018-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrda qabul qilingan 444-II-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 247-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 26-modda quyidagi mazmundagi yettinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda daryolarning o‘zanlarini, kanallar va kollektorlarni tozalashda litsenziya olish talab qilinmaydi”;
2) 27-modda:
to‘rtinchi qismidagi “beshinchi qismida” degan so‘zlar “beshinchi va oltinchi qismlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat yo‘sinida kavlab olish, noruda foydali qazilmalarni kavlab olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha komissiyasi tomonidan beriladi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2011-yil 22-dekabrdagi 247 (5414)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 21-dekabr,
O‘RQ-310-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-y., 51-son, 541-modda)