|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.12.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XUSUSIY TADBIRKORLIK VA KIChIK BIZNESNI QOʻLLAB-QUVVATLASh FONDI (BIZNES-FOND)NI TAShKIL ETISh HAQIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 23-dekabrdagi PF-3367-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, respublika mintaqalarida iqtisodiyotning nodavlat sektori ishlab chiqarish moliyaviy salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida:
1. Kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi Fond muassislarining mazkur fond negizida ochiq usuldagi hissadorlik jamiyati shaklida joylarda hududiy boʻlinmalariga ega boʻlgan xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash Fondi (Biznes-fond)ni tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Shu narsa maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Ustavga muvofiq Biznes-fond ixtisoslashtirilgan nodavlat tashkiloti boʻlib, xususiy tadbirkorlikka va kichik biznesga quyidagi yoʻllar bilan madad koʻrsatadi:
xususiy tadbirkorlarga va kichik biznesga kreditlar, shu jumladan imtiyozli kreditlar berish asosida investitsiya loyihalarini pul bilan taʼminlash;
xususiy korxonalar va kichik biznesning ustav sarmoyasida qatnashish;
xususiy tadbirkorlarga hamda kichik biznesga maslahat va axborot xizmatlari koʻrsatish shaklida texnikaviy koʻmak berish.
3. Quyidagilar Biznes-fond resurslarining manbalari etib belgilansin:
davlat mulkini sotishdan tushgan mablagʻlarning, davlat mulki ishtirokidagi hissadorlik jamiyatlari faoliyatidan davlatga tegishli boʻlgan dividendlarning 50 foizi;
ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi fondga tushgan mablagʻlarning 10 foizi;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning mablagʻlari;
xorijiy yuridik shaxslar va xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
yuqorida koʻrsatilgan mablagʻlar Biznes-fond tomonidan qaytarib berish shartlari asosida jalb etiladi va uning “Oʻztadbirkorbank”dagi hisob varagʻida jamlanadi. Ustav fondining mablagʻlari ham xuddi shu hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
Biznes-fond kreditlarni odatda “Madad” sugʻurta Agentligi tomonidan qarz oluvchiga berilgan sugʻurta polisi mavjud boʻlgan taqdirda “Oʻztadbirkorbank” orqali ajratib beradi.
5. Biznes-fondni davlat yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi Biznes-fondning boshlangʻich sarmoyasini shakllantirish va ustavda belgilangan faoliyatini amalga oshirish uchun 100 million soʻm pul ajratib bersin.
6. Biznes-fond davlat tomonidan roʻyxatga olingan paytdan boshlab 3 yil mobaynida qonunda belgilangan soliqlarni, shuningdek majburiy toʻlovlarni toʻlashdan ozod etilsin, bunda boʻshagan mablagʻlarni Biznes-fondning sarmoyasini koʻpaytirishga va uni rivojlantirishga sarflash shart qilib qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi jamgʻarmani tashkil etish toʻgʻrisida” 1993-yil 21-iyuldagi Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonning ijro etilishiga oid qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-iyul,
PF-1208-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 163-modda)