Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI YaNADA ERKINLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonini kuchaytirish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish mexanizmini soddalashtirish, respublikaga xorijiy sarmoyalar oqimini rag‘batlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari importi sohasida raqobat muhitini vujudga keltirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasida notarif choralardan tarif asosida tartibga solish choralari sari bosqichma-bosqich o‘tish tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi:
— O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdoni tarif va notarif asosida yo‘lga qo‘yish tartibini belgilovchi Hukumat qarorini bir hafta muddat ichida qabul qilib, bunda me’yorlanadigan va litsenziyalanadigan tovarlar ro‘yxati ancha qisqartirilishini ko‘zda tutsin;
— tarif asosida tartibga solish choralari yuzasidan qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish maqsadida bojxona haqi stavkalarini ko‘rib chiquvchi idoralararo komissiya tuzilsin. Komissiya zaruriyatga qarab, bojxona haqi stavkalarini o‘zgartirishga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
3. 1994-yil 21-yanvardagi 745-son Farmonning tovarlar importidan boj haqi olishni bekor qilishga oid 14-bandining amal qilish muddati 1995-yil 1-oktabrgacha uzaytirilsin.
4. Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, davlat ehtiyojlari uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importini nodavlat mulkchilik shakllariga asoslangan tashqi savdo firmalari tender shartlari asosida amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 411-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 16-iyuldagi PF-3276-sonli Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 6-7-son, 93-modda)
5. Belgilab qo‘yilsinki, 1994-yil 21-yanvardagi 745-son Farmonning me’yorlashga, litsenziyalashga, boj haqiga va eksport cheklashlariga taalluqli 3, 4, 5, 6-ilovalarining amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori chiqqan paytdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 19-iyul,
PF-1205-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 160-modda; 2003-y., 6-7-son, 93-modda; 2017-y., 22-son, 411-modda)