|
Hujjat 01.08.2011 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish |
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasida Trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 22-iyulda 2247-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 147-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-apreldagi 96-son “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 104-modda) muvofiq buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazirning sport ishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosari J. AKRAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-iyun,
484-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2011-yil 9-iyundagi 484-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyati toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 147-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-apreldagi 96-son “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 104-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 38-son, 331-modda) qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik, trener-oʻqituvchilik va trener-instruktorlik faoliyatini (bundan buyon matnda trenerlik faoliyati deb yuritiladi) amalga oshirish tartibi va yoʻnalishlarini belgilab beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Umumiy qoidalar
Keyingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasida trenerlik faoliyatini olib borayotgan jismoniy shaxslar hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yuritib kelayotgan tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlari — sogʻlom turmush tarzini targʻibot va tashviqot qilish, aholining keng qatlamini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullari orqali sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar;
sport turi — odamning sport musobaqalariga oʻziga xos tayyorlanishini tavsiflaydigan, musobaqalarni oʻtkazish va ularda qatnashish talablari, tartibi va shart-sharoitlari ularga muvofiq belgilanadigan oʻz qoidalariga ega boʻlgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi;
Keyingi tahrirga qarang.
sport turi boʻyicha federatsiya (ittifoq, assotsiatsiya) — asosiy maqsadi oʻzining ustaviga binoan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilgan, fuqarolar bilan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport ishlarini amalga oshiruvchi, sport zaxiralarini tayyorlash va sport turi boʻyicha Xalqaro va Osiyo federatsiyasi (ittifoq, assotsiatsiya) tomonidan oʻtkaziladigan barcha tadbir va musobaqalarda Oʻzbekiston sportchilarini va mutaxassislarini taqdim etuvchi tashkilot;
Keyingi tahrirga qarang.
sport turi boʻyicha trener — yuqori malakali va maʼlum bir sport turi boʻyicha bevosita sportchilar bilan oʻquv-mashq mashgʻulotlarini olib boruvchi, ularni sport turi boʻyicha sport musobaqalarida qatnashishga tayyorlovchi mutaxassis;
Keyingi tahrirga qarang.
trener-instruktor — aholi oʻrtasida ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlarini tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi mutaxassis;
trenerlik faoliyati — aholini jismoniy tarbiya va sport vositalari yordamida sogʻlomlashtirish, sportchilarni sport turi boʻyicha sport musobaqalarida qatnashishga oʻrgatish va tayyorlashga yoʻnaltirilgan faoliyat.
sport turlari boʻyicha trener-oʻqituvchi — maxsus sport-taʼlim muassasalarida sport turi boʻyicha taʼlim dasturi asosida bevosita trenerlik malakaviy toifasiga muvofiq sport turidan taʼlim beruvchi va sportchilarni tayyorlovchi mutaxassis;
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagi holatlarda trenerlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtmagan shaxslar tomonidan trenerlik faoliyatini amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
belgilangan meʼyor va talablarga javob bermaydigan sport jihozlari va anjomlaridan hamda sport kiyimlaridan foydalanish;
sport turlari boʻyicha belgilangan meʼyor va talablarga javob bermaydigan sport bino va inshootlarida, mashgʻulotlarni olib borishda xavfsizlikni taʼminlay olmaydigan boshqa joylarda shugʻullanish;
Keyingi tahrirga qarang.
4. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalar va oʻsmirlar bilan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mashgʻulotlarni olib borish ularning qonuniy vakili yoki ularning oʻrnini bosuvchi boshqa shaxslar yoxud ular tarbiya olayotgan maxsus muassasaning roziligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlat mutaxassislari trenerlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
II. Trenerlik faoliyati
Keyingi tahrirga qarang.
1-§. Trenerlik faoliyatining maqsad va vazifalari
6. Quyidagilar trenerlik faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi:
jismoniy tarbiya va sportni targʻibot qilish;
jismoniy tarbiya va sport vositalari yordamida aholini sogʻlomlashtirish;
sport zaxiralarini hamda xalqaro sport maydonlarida Oʻzbekiston Respublikasi sporti shaʼnini munosib himoya qila oladigan yuqori malakali sportchilarni tayyorlash;
kelgusida sport mahoratlarini takomillashtirish maqsadida istiqbolli va iqtidorli bolalar va oʻsmirlarni saralab olish va sportda boʻladigan yoʻnalishlarini aniqlash.
7. Quyidagilar trenerlik faoliyatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
sportchilarni turli sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarda qatnashish uchun tayyorlash;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarni sport boʻyicha tayyorlash va sogʻlomlashtirishda oʻquv-mashq mashgʻulotlari jarayoniga ilgʻor ilmiy usullarni joriy qilish;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarning bilim, qobiliyat va koʻnikmasi sifatini, jismoniy rivojlanganligi va tayyorgarliklari darajasi ustidan nazoratni amalga oshirish;
olib borilayotgan mashgʻulotlarning xavfsizligini taʼminlash va sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga rioya qilish;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilar tomonidan turli xil doping va taqiqlangan vositalarni qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashish;
Keyingi tahrirga qarang.
2-§. Trenerlik faoliyatini tashkil etish
8. Trenerlik faoliyati aholi orasida jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mashgʻulotlarni olib borish va sportchilarni tayyorlash bilan bogʻliq boʻlgan tibbiy tavsiyalar va boshqa hujjatlarda belgilangan sharoitlar, meʼyorlar va talablarga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda chet elda oʻquv-mashq mashgʻulotlari, oʻquv-mashq yigʻinlari va sport musobaqalari, ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkazilayotgan joylarda;
jismoniy tarbiya-sport jamoat birlashmalarida, sport klublari va markazlarida, boshqa sport texnika tashkilotlarida, jismoniy tarbiya va sport jamoalarida;
oʻquv maskanlarida;
aholiga xizmat koʻrsatadigan sport, sport-sogʻlomlashtirish, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport-tomosha tashkilotlarida, alpinist lagerlari, shaxmat-shashka klublari, oʻq otish maydonlari, aholiga xizmat koʻrsatuvchi seksiya va guruhlarda;
shaxsiy tartibda amalga oshiriladi.
9. Trenerlik faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Trenerlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
individual (yakka) ish usuli shaklida;
guruhiy (brigada) ish usuli shaklida.
11. Trenerlik faoliyatini amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:
zoʻravonlik, diniy ekstremizm va davlat tuzumi, mamlakatning tinchligi va xavfsizligi, uning aholisiga qarshi qaratilgan boshqa harakatlarni targʻibot qilish;
kamsituvchi munosabatda boʻlish, shu jumladan milliy, diniy, jinsiy, siyosiy, madaniy, iqtisodiy va boshqa belgilar boʻyicha kamsitish;
sport bilan shugʻullanuvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish;
sportga aloqasi boʻlmagan faoliyatni olib borish;
taqiqlangan vositalar, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishni targʻib qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Sport va ommaviy tadbirlarda trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning ishtiroki, sport turi boʻyicha tegishli xalqaro va milliy federatsiyalar, shuningdek ushbu tadbirlarni tashkil qiluvchi tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan reglament, nizom va boshqa hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3-§. Sport turlari boʻyicha trenerlik faoliyati
13. Sport zaxiralari va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga qaratilgan sport turlari boʻyicha trenerlik va trener-oʻqituvchilik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan sport turlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Sport zaxiralari va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga qaratilgan sport turlari boʻyicha trenerlik va trener-oʻqituvchilik faoliyati yosh toifasiga muvofiq katta yoshdagilar, yoshlar (yuniorlar), oʻsmirlar va bolalar sport guruhlarida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Sport turi boʻyicha trenerlik yoki trener-oʻqituvchilik faoliyati bilan quyidagi shaxslar shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi:
jismoniy tarbiya boʻyicha oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega boʻlgan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
tegishli malakaviy toifaga ega boʻlgan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
tibbiy ruxsatnoma va sugʻurta polisiga ega boʻlgan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Respublika terma jamoasi darajasida sport turi boʻyicha trenerlik yoki trener-oʻqituvchilik faoliyatini amalga oshirib kelayotgan shaxslarni lavozimga tayinlash va ozod etish sport turi boʻyicha tegishli milliy federatsiyalar (ittifoqlar, assotsiatsiyalar) bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Sport turi boʻyicha trenerlik yoki trener-oʻqituvchilik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar quyidagi lavozimlarni egallab turishlari mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi sport turi boʻyicha bosh treneri;
viloyat, shahar, koʻngilli, jismoniy tarbiya va sport jamoalari, tegishli terma jamoalar va boshqa tashkilotlardagi sport turi boʻyicha katta trener;
Keyingi tahrirga qarang.
boʻlinmalar, oʻquv-mashq guruhlari, sport turining tor sohalaridagi va tegishli terma jamoalardagi sport turi boʻyicha katta trener;
sport turi boʻyicha sportchi-instruktor.
Keyingi tahrirga qarang.
4-§. Ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari sohasida trenerlik faoliyati
18. Ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari sohasida trenerlik faoliyati trener-instruktor tomonidan aholini sogʻlomlashtirish yoʻnalishida tibbiy moneliklar mavjud boʻlmagan shugʻullanuvchilarning yoshlaridan qatʼi nazar jismoniy tarbiya vositalari va usullari yordamida sogʻlomlashtirish yoʻnalishidagi guruhlarda (salomatlik guruhlarida) amalga oshiriladi.
19. Ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish ishlari sohasida trener-instruktorlik faoliyati bilan quyidagi shaxslar shugʻullanishiga yoʻl qoʻyiladi:
jismoniy tarbiya boʻyicha oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega yoki maxsus kurslarni bitirgan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
tibbiy ruxsatnoma va sugʻurta polisiga ega boʻlgan shaxslar;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
5-§. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari
20. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida trenerlik faoliyatini amalga oshirish;
tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini oʻtash;
sport musobaqalari, ommaviy jismoniy tarbiya va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlari, anjumanlar, seminarlar, kurslar va yigʻinlarda ishtirok etish;
navbatdagi malakaviy trenerlik toifasini olish.
Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar quyidagilarga majbur:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz faoliyati jarayonida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarda vatanparvarlik, vatanga muhabbat tuygʻularini tarbiyalashga, ularning sogʻligini mustahkamlashga, sport mahoratini oshirishga, ularni axloqiy, maʼnaviy tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratish;
oʻz faoliyatini trenerlik faoliyatiga qoʻyilgan talablarni belgilovchi reglament, nizomlar va boshqa hujjatlarga muvofiq amalga oshirish;
kasbiy malaka darajasini uzluksiz ravishda oshirib borish;
jismoniy tarbiya va sportni targʻibot qilish boʻyicha faol ish olib borish;
yuksak madaniyat va tashkilotchilik boʻyicha oʻrnak boʻlish, shugʻullanuvchilar tomonidan qoʻpollik, intizomsizlik va axloqiy meʼyorlar buzilishining oldini olish.
Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni oʻz zimmalariga olishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning malaka toifalari
Keyingi tahrirga qarang.
22. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning malaka toifalari yagona sport klassifikatsiyasiga asosan quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi II toifali treneri;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi I toifali treneri;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy toifali treneri;
Keyingi tahrirga qarang.
Xalqaro toifali trener.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Oʻzbekiston Respublikasi II va I toifali trenerlarning malaka toifalari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlangan, mutaxassislarning ish staji, faoliyatining sifati va mohiyatiga koʻra belgilangan shartlar, meʼyorlar va talablarga muvofiq beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy toifali trenerining malaka toifasi “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” yoki “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” unvonlari, xalqaro sport tashkilotlarining (Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Osiyo Olimpiya Kengashi, sport turlari boʻyicha xalqaro federatsiyalar (ittifoqlar, assotsiatsiyalar va boshqalar) oliy sovrinlari egasi boʻlganligi uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida hissa qoʻshganligi uchun beriladi.
25. Xalqaro toifali trenerning malaka toifasi Oʻzbekiston Respublikasida sport turi boʻyicha trenerlar, trener-oʻqituvchilarga tegishli sport turi boʻyicha xalqaro federatsiyalar (ittifoqlar, assotsiatsiyalar) tomonidan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Ushbu Nizomning 22-bandida belgilangan malaka toifalari trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarga beriladi.
27. Oʻzbekiston Respublikasi trenerlarining malaka toifalari va xalqaro trenerlik malaka toifalari jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi barcha tashkilotlarda haqiqiydir.
IV. Hisob va hisobotni yuritish
Keyingi tahrirga qarang.
28. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan trenerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining Sertifikatsiyalash va kompyuterlashtirish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Trenerlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar toʻgʻrisidagi statistik hisobot qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Hisobot va boshqa hujjatlarda xalqaro toifali trener malaka toifasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy toifali trener malaka toifasiga tenglashtiriladi.
V. Yakuniy qoidalar
Keyingi tahrirga qarang.
31. Ushbu Nizomda koʻrsatilgan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2011-yil 2-iyun
Xalq taʼlimi vaziri A. MARAXIMOV
2011-yil 2-iyun
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
2011-yil 2-iyun
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 2-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 30-son, 318-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 06.06.2022-y., 10/22/2247-1/0483-son; 23.11.2023-y., 10/23/2247-2/0876-son; 26.02.2024-y., 10/24/3499/0149-son; 05.01.2026-y., 10/26/2247-3/0009-son; 25.06.2026-y., 10/26/2247-4/0625-son)