|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 09.01.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON FAXRIYLARNI IJTIMOIY “NURONIY” JAMGʻARMASI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4906-sonli “Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan ijtimoiy siyosatning samaradorligini oshirish, keksalarni ijtimoiy himoya qilish va ularning yosh avlodni tarbiyalashdagi faolligini oshirish maqsadida ilovada koʻrsatilgan qator Respublika jamoat tashkilotlari, vazirliklar, muassasalar, korxonalarning, Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasini taʼsis etish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Jamgʻarma oʻzini-oʻzi mustaqil boshqaruvchi, mablagʻ bilan taʼminlovchi va mustaqil faoliyat koʻrsatuvchi nohukumat jamoat birlashmasi ekanligi taʼkidlansin.
3. Jamgʻarma quyidagi maqsad va vazifalarni oʻz faoliyatining asosi etib belgilanganligi eʼtiborga olinsin:
— respublikada oʻtkazilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda, ayniqsa urush va mehnat faxriylari, nogironlarni eʼzozlash, ularning atrofida ehtiromli muhit hosil qilish, gʻurur, moddiy, maʼnaviy, tibbiy yordam koʻrsatish choralarini koʻrishda faol qatnashish;
— mustaqil Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishning maʼnaviy-axloqiy negizlarini mustahkamlash, faxriylarning ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etishlari, bor bilim va salohiyatlarini istiqlol ishiga safarbar etishlari, mustabid sovet tuzumining xalqimiz, oʻlkamiz taraqqiyotiga yetkazgan zararini chuqur tahlil qilish hamda jamoatchilikka yetkazishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
— milliy qadriyatlarimiz, oʻzbekona erksevarlik, vatanparlik, mehnatsevarlik, totuvlik, boshqalarga izzat-ikrom hislarini avloddan-avlodga oʻtib yanada boyishiga hissa qoʻshish, yoshlarni ona Vatanga, xalqimizga, istiqlol ishiga sadoqat, buyuk kelajak uchun kurashchanlik ruhida tarbiyalashda samarali faoliyat koʻrsatish;
— faxriylar va nogironlarning moddiy sharoitini yaxshilash, ular uchun belgilangan imtiyozlarning, nafaqa toʻgʻrisidagi qonunchilikning toʻla va oʻz vaqtida amalga oshirilishida rahnamolik qilish, bu borada ijrochi hokimiyat organlariga koʻmaklashish, keksalar, yordamga muhtoj va boshqa turli tabaqalarga savdo, madaniy-maishiy, tibbiy yordamlar koʻrsatish, shu maqsadga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish, tijorat, noshirlik, xayriya ishlarini amalga oshirish, ommaviy tadbirlar oʻtkazish;
4. Jamgʻarmani qoʻllab-quvvatlash, uning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat idoralari, jamoat tashkilotlari hamda ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari, tadbirkorlar, boshqa yuridik shaxslar va fuqarolarning keksa avlod oldidagi farzandlik burchi deb hisoblansin.
5. Jamgʻarma barcha yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy homiylar uchun ochiq ekanligi maʼlum qilinsin.
6. Joylarda jamgʻarmaning tegishli tuzilmalarini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga yuklatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 17-iyundagi PF-4116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2009-y., 25-son, 282-modda)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nuroniy jamgʻarmasining faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 4-dekabr,
PF-1655-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 1-son, 5-modda;Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 25-son, 282-modda)