Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
ISh HAQINING ENG OZ MIQDORINI OShIRISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bolali oilalarga nafaqalarni va aholiga toʻlanadigan eng oz ish haqi miqdoriga nisbatan belgilangan boshqa toʻlovlarni oshirish maqsadida:
1. 1996-yil 1-dekabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining hududida ish haqining eng oz miqdori oyiga 600 soʻm etib belgilansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, ish haqiga, pensiyalarga ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek bolali oilalarga nafaqalar hamda eng oz ish haqi miqdoriga nisbatan belgilangan boshqa toʻlovlar ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoriga asosan 1996-yilning 1-dekabridan boshlab amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mehnat vazirligi, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tashkilotlar va muassasalar 1996-yil 1-dekabrdan joriy etiladigan ish haqining eng oz miqdoridan kelib chiqqan holda ish haqi va pensiyalarga ustama va qoʻshimcha haqlarning barcha turlari, shuningdek bolali oilalarga nafaqalar hamda boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqilishini taʼminlasinlar.
4. Ish haqiga, pensiyalarga qoʻshimcha va ustama haqlarni oshirish, shuningdek nafaqalar va boshqa toʻlovlarni koʻpaytirish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli ravishda respublika davlat budjeti, Ijtimoiy sugʻurta fondi mablagʻlari hamda korxonalar va tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilishni taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-noyabr,
PF-1650-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 10-son, 218-modda)