Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.08.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI O‘QUVChILARI VA TALABALARINING HAR YILGI QIShKI TA’TILI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. Tugaydigan yilning oxirgi to‘rt kuni va yangi yilning birinchi o‘n kunligi davrida O‘zbekiston Respublikasi o‘quvchilari va talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish to‘g‘risida Xalq ta’limi vazirligi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining taklifi qabul qilinsin.
2. O‘quv yurtlariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar:
qishki ta’tilni uyushqoqlik bilan o‘tkazish yuzasidan zarur choralarni ko‘rsinlar;
kunduzgi bo‘lim talabalari va o‘quvchilarining doimiy istiqomat joylariga borib kelishlariga yordam bersinlar;
ta’til davrida maktablar va oliy o‘quv yurtlarining pedagogika sohasidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanishni ta’minlasinlar, o‘quvchilar va talabalar bilan ishlashning darsdan tashqari faol usullarini, shuningdek pedagog xodimlar malakasini oshirishni, oliy o‘quv yurtining sohasiga muvofiq turli maslahat yordami berishni ko‘zda tutsinlar.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari pedagog jamoalar bilan birgalikda qishki ta’til davrida yoshlar uchun jonajon o‘lkani, uning g‘oyat boy tarixiy merosini, madaniyati va milliy an’analarini o‘rganishni ko‘zda tutuvchi tadbirlarni tashkil qilsinlar.
4. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Avtomobil transporti vazirligi, O‘rta Osiyo temir yo‘li boshqarmasi qishki ta’til davrida o‘quv yurtlarining buyurtmalariga binoan kunduzgi bo‘limlarning talabalari va o‘quvchilariga yo‘l haqi chiptalarini 50 foizli chegirtma bilan sotishni ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 22-dekabr,
PF-517-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 75-modda)